Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqand viloyatida xususiylashtirilgan ob’yektlarning 245 tasidan foydalanilmayapti

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Samarqand viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, shahar va tumanlarda o‘tkazilgan xatlov natijasida 245 ta foydalanilmasdan bo‘sh turgan davlat mulki ob’yektlari aniqlangan.

Foydalanilmayotgan ob’yektlar faoliyatini tiklash, ishlab chiqarishni tashkil etish va yangi ish o‘rinlarini yaratish bo‘yicha 20 ta “yo‘l xarita”lari ishlab chiqilib, tasdiqlangan. Shuningdek, 22 ta bo‘sh turgan davlat mulki ob’yektlarini davlat xususiy sherikchilik asosida berilishi ko‘zda tutilmoqda.

Foydalanilmasdan bo‘sh turgan 24 ta davlat mulki ob’yektlari “E-IJRO AUKSION” elektron savdo maydonchasida boshlang‘ich narxi 1 so‘mga teng qiymatda investitsiyaviy va ijtimoiy majburiyatlar belgilagan holda auksionga chiqarilgan.

Mazkur foydalanilmasdan bo‘sh turgan davlat ko‘chmas mulk ob’yektlarini xususiy mulk egaligiga berilishi natijasida 18,16 millard so‘m investitsiya kiritilishi va 277 ta yangi ish o‘rinlari yaratilishi belgilangan.

Bugungi kungacha bo‘lib o‘tgan onlayn auksion savdolariga chiqarilgan ob’yektlarning 20 tasi tadbirkorlarga jami 755 million so‘m sotib olish to‘lovlarini amalga oshirish va 13,06 millard so‘mdan ortiq investitsiya kiritib, kamida 228 ta yangi ish o‘rinlari yaratish sharti bilan sotilgan.

Viloyat hokimining 2019 yil 18 iyuldagi “Davlat ko‘chmas mulk ob’yektlarini investitsiyaviy va ijtimoiy majburiyatlarini belgilagan holda “E-IJRO AUKSION” elektron savdo maydonchasida auksionga chiqarish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan 14 ta davlat mulki ob’yektini elektron savdo maydonchasida sotish bo‘yicha tegishli hujjatlar rasmiylashtirilmoqda.

B.XONKELDIYEV.