Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqand viloyatining tashqi savdo aylanmasi

So‘nggi yillarda hukumatimiz tomonidan sanoat tuzilmasini diversifikatsiya qilishda, eksportni qo‘llab quvvatlash, import o‘rnini bosuvchi tovar va mahsulotlarni ishlab chiqarishni yanada oshirish natijasida eksport tarkibida sezilarli o‘zgarishga erishilmoqda.

Shuningdek, qo‘shni davlatlar bilan o‘zaro aloqalarni mustahkamlash, mamlakatlarni ijtimoiy-iqtisodiy, savdo-sanoat hamda madaniy sohalardagi aloqalarni rivojlantirish borasida katta ishlar amalga oshirilayotganini ko‘rish mumkin.

Xususan, qo‘shni davlatlar Tojikiston va Qirg‘iz Respublikalari bilan tashqi savdo aylanmasida so‘nggi yillarda katta o‘zgarishlar kuzatilayapti. Misol uchun, keyingi uch yilda viloyatning tashqi savdo aylanmasi Tojikiston, Qirg‘iz Respublikasi va Turkmaniston bilan oshganligini kuzatish mumkin.

Boshqa davlatlar (qo‘shni davlatlardan tashqari) bilan esa tashqi savdo aylanmasida eng yuqori ulush Xitoy, Rossiya, Turkiya va Yaponiya davlatlari hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

Tashqi iqtisodiy faoliyat bo‘yicha 30 ta yirik hamkor davlatlar orasidan o‘nta davlatda faol tashqi savdo balansi kuzatilgan. Xususan, Sloveniya 21,4 million, Tojikiston 18,1 million, Litva 17,1 million, Vengriya 15,5 million, Qirg‘iz Respublikasi 14,5 million AQSh dollar shular jumlasidandir. Qolgan 25 ta yirik hamkor davlatlar bilan passiv tashqi savdo balansi saqlanib qolmoqda.

Mamlakatimizda tashqi savdoni qo‘llab-quvvatlash hamda MDH davlatlari bilan ushbu sohadagi hamkorlikni yanada mustahkamlash bo‘yicha olib borilayotgan chora-tadbirlar natijasida 2020 yil yanvar-avgust oylarida, viloyat tashqi savdo aylanmasida MDH davlatlarining ulushi 35,6 foizni tashkil etib, tashqi savdo aylanmasidagi ulushi 2018 yilga nisbatan 3,9 foizga oshgan.

Boshqa xorijiy davlatlarning tashqi savdo aylanmasi ham 2020 yil yanvar-avgust oylarida 2019 yilning shu davriga nisbatan 22,9 foizga kamaygan va jami tashqi savdo aylanmasidagi ulushi 64,4 foizni tashkil etgan.

Joriy yilning yanvar-avgust oylarida viloyatning eksportyorlari soni 472 tani tashkil etib, ular tomonidan 192,8 million AQSh dollari qiymatiga ega tovar va xizmatlar eksport qilinishi ta’minlangan.

Eksport tarkibida tovarlar ulushi 96,0 foizni tashkil etib, ular asosan oziq-ovqat mahsulotlari va tirik hayvonlar, material turiga qarab klassifikatsiyalangan sanoat mahsulotlari, mashinalar va transport asbob – uskunalari hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

So‘nggi uch yil ichida MDH mamlakatlariga eksport hajmi oshdi va ularning jami eksportdagi ulushi 2018 yil yanvar-avgustdagi 52,2 foizdan 2020 yil yanvar-avgustida 61,3 foizga yetdi. Mos ravishda boshqa mamlakatlarning jami eksportdagi ulushi 38,7 foizni tashkil etdi.

Samarqand viloyati statistika boshqarmasi axborot xizmati.