Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqand xalqaro “Chellenjer”ga mezbonlik qilmoqda

Bugun Samarqand shahridagi “Dinamo” tennis kortida professional tennischilar uyushmasi (ATR) musobaqalari taqvimidan joy olgan xalqaro “Chellenjer” turnirining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Erkaklar o‘rtasida o‘tkazilayotgan musobaqaning ochilishida so‘zga chiqqan turnir supervayzeri A.Kornilov, viloyat hokimining o‘rinbosari R.Qobilov, Samarqand shahar hokimi F.Rahimov barcha ishtirokchilarni katta sport bahsi bilan tabrikladi. Osiyo va Jahon kortlarida O‘zbekiston sharafini munosib himoya qilib kelayotgan Dennis Istomin, Farrux Do‘stov, Oqgul Omonmurodova, Sabini Sharipova, Nigina Abduraimova kabi tennischilarimiz shunday musobaqalarda tajriba orttirgani e’tirof etildi.

Shuningdek, musobaqada dunyoning 24 davlatidan 53 nafar mohir tennischilar qatnashayotgani ular safida 8 nafar o‘zbekistonlik ham borligi bizning faxrimiz ekanligi ta’kidlandi.

Marosimdan so‘ng boshlangan musobaqada birinchi kortda o‘zbekistonlik Olimjon Nabiyev braziliyalik Joao Menizesga qarshi o‘yinga tushdi, ammo braziliyalikka o‘yinni boy berib qo‘ydi. Kunning ikkinchi yarmida o‘zbekistonlik Shonig‘matjon Shofayziyev va Amal Sultonbekov juftlik bahsda amerikalik Ulises Blach va argentinalik Renzo Olivo  bilan kortda kuch sinashadi.

Ma’lumot o‘rnida: Musobaqaning umumiy yutuq fondi 54 160 AQSh dollari etib belgilangan. Birinchi o‘rinni egallaganga 7 200 AQSh dollari beriladi, 2 o‘ringa 4 240, yarim finalga chiqqanlarga 2 510, chorak finalga 1 460, 3 raundga 860, 2 raundga 520, 1 raundga 260 AQSh dollaridan beriladi. Final bahsi 19 may kuni o‘tkaziladi.

Saytimizni kuzatib boring bu haqda ma’lumot beramiz. 

Husan Eltoyev,

Alisher Isroilov olgan suratlar.