Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqandda 10 oyda barg-xazon yoqish bilan bog‘liq 528 ta qoidabuzarlik aniqlangan

Qish fasli bo‘lishiga qaramasdan, yog‘ingarchiliklar kamayib, darxtlarning shoxida qurib qolgan barglar yerga tushishi bilan odamlarning tashvishi yana ortib boradi. Sababi ayrim fuqarolar barglarni tozalab olish, hech bo‘lmaganda, uni to‘dalab yoqib yuborishga harakat qilishmoqda.

Afsuski, viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi tomonidan barg-xazonlar yoqilishining oldini olish bo‘yicha joylarda o‘tkazilayotgan targ‘ibot-tashviqot masalalariga ko‘pchilik e’tibor qilmayapti.

Joriy yilning 10 oyi davomida boshqarma tomonidan daraxtlarning qurigan barglarini va boshqa turdagi chiqindilarni yoqishni hamda ochiq alanga oldirishni bartaraf etish bo‘yicha amalga oshirilgan 590 ta tezkor-nazorat tadbirlari davomida 528 ta huquqbuzarlik holatlari aniqlandi. Oqibatda fuqarolar va mansabdor shaxslarga nisbatan 97549,964 ming so‘m jarima solinib, 63711,23 ming so‘m undirildi.

Xususan, ko‘p qavatli uylar tomlarida bitumni ochiq alanga oldirib yoqish hamda joylarda qurilish materiallari va boshqa chiqindilarni yoqish holatlari bo‘yicha 356 nafar (2018 yilda 340 nafar) fuqarolar va mansabdor shaxslarga MJtKning 88-moddasi 1-qismi bilan 39866,813 ming so‘m (2018 yilda 30644,965 ming so‘m) miqdorda jarimalar solinib, 36268,393 ming so‘m undirib olindi.

Joylarda barg-xazon, o‘simlik qoldiqlari va somon poyalarini yoqib yuborilishi holatlari bo‘yicha 42  ta fuqarolar va mansabdor shaxslarga MJtKning 88-moddasi 3-qismi bilan 41478,480 ming so‘m (2018 yil 9 oyida 13715,5 ming so‘m) jarima solinib, 16095,990 ming so‘m undirilgan.

Shundan, 2019 yil g‘alladan bo‘shagan dalalarda somon poyalarining yoqilishi holatlari bo‘yicha 37 nafar fuqarolar va mansabdor shaxslarga MJtKning 88-moddasi 3-qismi bilan 37058,990 ming so‘m  jarima solinib, 12791,500 so‘m undirilgan bo‘lib, 24267,490 so‘m qarzdorlik belgilangan tartibda majburiy undiruvga qaratilgan.

Boshqarmaning atrof-muhit ifloslanishi monitoringi bo‘limi bilan hamkorlikda 177 ta holatda uglerod oksidi, ammiak, azot oksidi, changlar tashlanishining tahliliy nazorat qilindi.

Ifloslantiruvchi moddalarning atmosferaga chiqariladigan, yo‘l qo‘yiladigan cheklangan tashlamalarning ekologik normativi loyihalarining (PDV) amal qilish muddati o‘tgan yoki ishlab chiqilmagan 60 ta korxonalarga tegishli tartibda ekologik normativ hujjatlarni ishlab chiqib, davlat ekologik ekspertizasining ijobiy xulosasini olish yuzasidan talabnomalar berilgan.

Viloyatda harakatdagi manbalar, ya’ni avtotransport vositalaridan chiqayotgan zararli gaz va tutun miqdorlarini tekshirish ishlari viloyat IIB yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi bilan hamkorlikda ish olib borilmoqda.

2019 yilning 10 oyi davomida avtotransport vositalaridan atmosfera havosiga tashlanayotgan zararli SO gazi va tutun miqdorining belgilangan me’yorlarga mos holati bo‘yicha «Toza havo» tadbiri va texnik ko‘rik davomida jami 25910 ta (prognoz 25000 ta) avtotransport vositalari tekshirilgan bo‘lib, 592 ta avtotransport vositalarida tashlanayotgan zararli gazlar belgilangan me’yorlardan ortiqligi aniqlandi.

Mutaxassislarning hisob-kitoblariga ko‘ra, 1 tonna qurigan barg yonganda havoga 9 kilogramgacha tutun mikrozarralari ajraladi. Bu mikrozarralar tarkibiga chang, azot oksidi, is gazi, og‘ir metallar hamda inson uchun xavfli moddalar – dioksin va dioksan kiradi. Mazkur zaharli moddalar inson organizmiga tushgach, immun tizimga zarar yetkazadi.

Viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi axborot xizmati.