Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqandda 4 mingdan ziyod saylovchi muddatidan oldin ovoz berdi

Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, xalq deputatlari mahalliy Kengashlarga muddatidan oldin ovoz berish jarayonlari yakunlandi.

Bu haqda Xalqaro matbuot markazi viloyat bo‘limida bo‘lib o‘tgan anjumanda viloyat saylov komissiyasi raisi S.Nuriyev axborot berdi.

Qayd etilganidek, Saylov kodeksining 57-moddasiga muvofiq muddatidan oldin ovoz berish saylovga 10 kun qolganida boshlandi va saylovga 3 kun qolganida to‘xtatildi. Ya’ni, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2019 yil 3 dekabrdagi qaroriga ko‘ra, bu jarayon 12 dekabr kuni soat 09:00 da boshlanib, 18 dekabr kuni soat 18:00 gacha davom etdi.

- Muddatidan oldin ovoz berishni amalga oshirish uchun saylovchi saylov kunida o‘z yashash manzilida bo‘la olmasligining sabablari (ta’til, xizmat safari, xorijga chiqish va hokazo) ko‘rsatilgan ariza asosida tegishli uchastka saylov komissiyasidan saylov byulletenini olishi, saylov byulletenini olganligi haqida tegishli uchastka komissiyasining kamida ikki nafar a’zosi hozirligida saylovchilar ro‘yxatiga imzo qo‘yishi belgilangan, - deydi S.Nuriyev. – Ma’lumotlarimizga ko‘ra, viloyatimizdagi 1052 ta saylov uchastkalaridan 373 tasiga muddatidan oldin ovoz berish uchun arizalar kelib tushgan. Saylov uchastkalarida 4075 nafar saylovchi muddatidan oldin o‘zlari tanlagan nomzodlarga ovoz berishdi.

Hududlar kesimidagi statistikaga qaraganda, muddatidan oldin ovoz berganlar soni eng ko‘p Samarqand shahrida qayd etilgan. Bu yerda 56-Registon, 57-Sug‘diyona saylov okruglari hududidagi 63 ta saylov uchastkalarida 866 nafar saylovchi belgilangan tartibda muddatidan oldin ovoz bergan.

66-Nurobod saylov okrugidagi 73 ta saylov uchastkasida 6 tasida muddatidan oldin ovoz berilib, eng kam ko‘rsatkich qayd qilingan. Ushbu oltita uchastkada 77 nafar saylovchi o‘zi tanlagan nomzodlarini yoqlab saylov byulletenlarini to‘ldirgan.

Eslatib o‘tamiz, saylovchilarning saylov byulleteni yashirin ovoz berish yo‘li bilan to‘ldirilgach, tegishli tartibda rasmiylashtirilib, saylov kuniga qadar saqlanadi.

Yo.GADOYeV.