Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqandda eksportyorlarning huquqiy savodxonligi oshirildi

Viloyat bojxona boshqarmasining ma’muriy binosida mahsulotlar eksportida tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va eksport salohiyatini kengaytirishda bojxona sohasida yaratilgan qulaylik va imkoniyatlarga bag‘ishlangan seminar-trening o‘tkazildi.

Tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilari, soha xodimlari ishtirok etgan tadbirda dastlab yurtimizda eksport ko‘lamini kengaytirish, sohada son va sifatni oshirish maqsadida amalga oshirilayotgan ishlar, bu borada tadbirkorlarga yaratilayotgan qulayliklar xususida atroflicha ma’lumotlar berildi.

- Eksportyorlarni rag‘batlantirish maqsadida keyingi yillarda tovarlar va xizmatlarni chegaradan o‘tkazishda ham bir qator yengilliklar berilmoqda, - deydi viloyat bojxona boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Sh.Salixov. - Xususan, rivojlangan davlatlar tajribasi asosida respublikamizda tovarlar eksportini amalga oshirishda bojxona yig‘imlaridan tashqari barcha bojxona to‘lovlaridan ozod qilingan.

Aksiz to‘lanadigan tovarlarni ularning ishlab chiqaruvchilari tomonidan eksportga realizatsiya qilishga aksiz solig‘i solinmaydi. Shuningdek, eksport kontraktlarini bojxona organlarida hisobga qo‘yish amaliyoti bekor qilindi.

Seminarda qayd qilinganidek, eksport tovarlarining bojxona rasmiylashtiruvi tegishli barcha hujjatlar taqdim etilgan kundan e’tiboran uch ish kunida amalga oshirilishi belgilangan. Viloyatimizda eksport mahsulotlarining bojxona rasmiylashtiruvida eksportyorlarga qulay shart-sharoit yaratish maqsadida bu amaliyot bir ish kunida bajarilmoqda. Shuningdek, barcha bojxona postlarida bu ish dam olish va bayram kunlarisiz tashkil qilinmoqda.

Natijada respublikamizning 53 ta bojxona postlari orasida joriy yilning aprel oyi yakunlariga ko‘ra, tovarlarni “eksport” bojxona rejimiga rasamiylashtirish uchun sarflangan vaqt bo‘yicha “Samarqand” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti birinchi o‘rinni egalladi.

Seminarda shuningdek, xorijiy investorlarni jalb qilish, eksportda xorijiy hamkor topish va eksport qilish tartiblari to‘g‘risida atroflicha tushunchalar berildi.

Tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari faoliyatida uchrayotgan muammolar muhokama qilindi.

Yo.GADOYeV.