Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqandda koronavirusga chalingan ilk bemor va uning farzandlari darddan forig‘ bo‘ldi

Samarqandda 4 nafar koronavirusga chalingan bemorlar butunlay kasallikdan forig‘ bo‘ldi. Bugun ular viloyat hokimligi, sog‘liqni saqlash boshqarmasi mutasaddilari hamkorligida uylariga kuzatib qo‘yildi. Bemorlarning ikki nafari erkak kishi, ikki nafari voyaga yetmagan bolalar.

- Ikki nafar farzandim, o‘zim shu xastalikka chalindim, - deydi Samarqandda birinchilardan bo‘lib koronavirusga chalingan bemor. - Hozir uchchalamiz bu darddan forig‘ bo‘lganimizdan baxtiyormiz. Shifokorlarning, hukumatning yordamini his qilib turdik. Hali davolanayotganlar ichida yana qarindoshlarimiz bor. Ularning va boshqa barcha bemorlarning ushbu xastalikni yengib o‘tishlarini istayman.

Har bir inson o‘zini himoya qilishini xohlayman. Qoidalarga amal qilish lozim. Butun oilani kasallikka chalinishi kishini sarosimaga solib qo‘yadi. Shuning uchun shifokorlarning tavsiyasiga qat’iy amal qilish kerak.

Bugun tuzalib chiqqan bemorlar orasida kasallik alomatlarini sezgani zahoti o‘zini alohidalashga harakat qilgan yurtdoshimiz bor.

- Shuning uchun oila a’zolarimizdan boshqalarga kasallik yuqmadi, - deydi u. - Kasallik menda uncha og‘ir kechmadi, shifokorlarning nafaqat dori-darmonlar bilan muolajalari, balki dalda berishlari, vahimaga, stress holatiga tushib qolmasligimizga imkon berdi. Bu esa kasallikni yengishda eng muhimi.



- Yurtimizda ushbu virusga qarshi olib borilayotgan ishlar, muolajalar Samarqandda ham amalga oshirildi, - deydi tibbiyot fanlari doktori S.Vafoqulov. - 50 yildan buyon viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida faoliyat olib borishim davomida ilk bor bu kabi pandemiya holatiga duch kelishimiz. Shunday bo‘lsa-da, shifokorlar o‘zini yo‘qotib qo‘ymadi, o‘z vazifalarini aniq, mas’ullik bilan olib borishmoqda. Ayni paytda Samarqanddagi koronavirusga chalingan bemorlarning ahvoli yaxshi, og‘ir ahvoldagisi yo‘q. 80 yoshli, surunkali xastaliklari bor onaxon ham shu xastalikka chalinib, avvaliga ahvoli biroz og‘irlashgandi. Shifoxonaga yuqori malakali boshqa yo‘nalishdagi shifokorlar ham jalb etilgani, doimiy ravishda poytaxtlik, xorijlik mutaxassislar bilan aloqada bo‘lingani tufayli bemorlarga tizimli yordam ko‘rsatildi. Ayni paytda onaxonning ahvoli ham yaxshilandi. Yaqin kunlar ichida boshqa bemorlarning ham tuzalish ehtimoli bor.

Gulruh MO‘MINOVA.