Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqandda mehnat migrantlari uchun qisqa muddatli kasb-hunar va chet tillariga o‘qitish kurslari tashkil etiladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 15 sentyabrda “Xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Ushbu qaror ijrosini ta’minlash maqsadida viloyat hokimining joriy yil 18 sentyabrda 143-Q-sonli qarori imzolandi. Unga ko‘ra, viloyat bo‘yicha xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimi doirasida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi.

Rejaga muvofiq, bundan buyon viloyat hokimining o‘rinbosari, tuman va shahar sektor rahbarlari, mahalla raislari va mehnat inspektorlari xorijga ishlash uchun ketgan fuqarolar oila a’zolarining holidan muntazam xabar olinib, ularning muammolari va ehtiyojlarini aniqlanib, hal etishda amaliy yordam ko‘rsatiladi.

Shuningdek, ularga zarur tibbiy patronaj xizmatini ko‘rsatish, ipoteka kreditlari asosida uy-joylar ajratish, farzandlarining ta’lim olishidagi muammolarini hal qilish, mehnatga layoqatli a’zolarini ish bilan ta’minlashga ko‘maklashiladi.

Bundan tashqari, ikki oy muddatda viloyatda joylashgan kollej va texnikumlarda mehnat migrantlari uchun qisqa muddatli kasb-hunar va chet tillariga o‘qitish kurslari tashkil etiladi. Ushbu kurslarning o‘quv dasturlari xorijiy yirik ish beruvchilarning talablariga moslashtiriladi.

Xurshida ERNAZAROVA.