Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqandda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlari I turistik yarmarkasi boshlandi

Samarqand shahridagi Yoshlar markazida MDH mamlakatlari Turizm kengashining navbatdagi yig‘ilishi hamda birinchi turistik yarmarkasi o‘z ishini boshladi.

Tadbirning tantanali ochilish marosimida Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov, O‘zbekiston Respublikasi turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi vazifasini bajaruvchi A.Akkulov, MDH ijroiya qo‘mitasining turizm sektori rahbari T.Kovaleva Turizm kengashining navbatdagi yig‘ilishining Samarqandda tashkil etilishi va uning doirasida birinchi turistik yarmarka o‘tkazilayotgani tarixiy ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

Keyingi yillarda jahon turistik bozori mamlakatlar ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi hamda aholi bandligini ta’minlashning asosiy sektoriga aylanib, barqaror o‘sishni namoyon qilmoqda. Buni ayni paytda jahon yalpi ichki mahsulotining 10,4 foizidan ortiqrog‘i, savdoning 7 foizi va bandlikning 10 foizi turizm sohasi hissasiga to‘g‘ri kelayotganida ham ko‘rish mumkin. Dunyo davlatlarining 38 foizi uchun turizm – daromadning asosiy manbai, 83 foizi uchun esa besh asosiy daromad manbalaridan biri hisoblanadi.

Turizm sohasidagi bunday taraqqiyot keyingi yillarda MDH mamlakatlarida ham namoyon bo‘lmoqda. MDH mamlakatlari turizm kengashi ushbu davlatlarda bu borada to‘plangan tajribani o‘rganish, soha rivoji yo‘lida hamkorlik aloqalarini mustahkamlash hamda o‘zaro fikr almashish uchun qulay imkoniyat bo‘lmoqda. 2018 yilning 10-11 avgust kunlari Tojikistonning Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan navbatdagi tadbirni Samarqand shahrida o‘tkazish taklif qilingan edi. Shuningdek, mazkur tadbir doirasida MDH mamlakatlari Birinchi turizm yarmarkasini o‘tkazish tashabbusi ilgari surildi va bu ishtirokchilar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

– Mazkur format MDHga a’zo mamlakatlarning turistik salohiyati bilan yaqindan tanishish, Hamdo‘stlikdagi turizm sektorining muhim trendlari va yangiliklarini almashish, turizm tashkilotlari va biznes vakillari o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni kuchaytirish uchun qulay sharoit yaratadi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi vazifasini bajaruvchi A.Akkulov. – Kengash yig‘ilishida hamdo‘stlik davlatlari turizm sohasi bo‘yicha vazirlik va kompaniyalar mas’ul xodimlari ishtirok etib, hamkorlikning yangi istiqbollarini belgilab olish ko‘zda tutilgan.

Tadbir doirasida “MDH davlatlarida turizm va mintaqaviy hamkorlik: yangi chaqiruvlar va imkoniyatlar” mavzuida xalqaro konferensiya, hamdo‘stlik davlatlari turizm sohasi oliy ta’lim muassasalari rahbarlari va professor-o‘qituvchilarining o‘zaro muloqoti va mahorat saboqlari, sayyohlik firma va kompaniyalari vakillarining yangi turistik yo‘nalishlar bo‘yicha taqdimotlari, V2V tarzidagi uchrashuvlari va boshqa madaniy dasturlar o‘tkazish ko‘zda tutilgan.