Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqandda taniqli rassom Namoz Sultonov asarlari ko‘rgazmasi ochildi

Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasining ko‘rgazmalar zalida rangtasvirchi rassom Namoz Sultonov xotirasining 80 yilligiga bag‘ishlangan “San’atga baxshida umr” deb nomlangan ko‘rgazma ochildi.

  Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda samarqandlik musavvirlar, olimlar, san’atkorlar, muzeylar xodimlari hamda viloyat va Samarqand shahri jamoatchiligi vakillari ishtirok etishdi.

Ta’kidlash lozimki, musavvir Namoz Sultonov o‘z asarlarida ko‘proq ona mavzusi asosiy o‘rinni egallaydi. Rassom ona siymosini yaratar  ekan, uning ichki dunyosini yorqin va aniq ifodalash bilan birga bu mukarram zot qadrini ham tasvirlashga intiladi. Asarlarini dastgohli rangtasvirdagi portret, me’moriy manzara, tematik natyurmort hamda monumental rangtasvirlarda jo etgan.

Ko‘rgazmadan rassomning 80 dan ortiq ijodiy ishlari o‘rin olgan.  “Samarqand kashtalari”, “Bibixonim”, “Onalik tuni”, “Obirahmat”, “Qoraqamish tongi”, “Avtoportret”, “Sumalak”, “Shohi Zinda”, “Orol”  asarlari shular jumlasidandir.

Ko‘rgazma muzeyda bir oy davomida namoyish etiladi.

Ma’lumot o‘rnida: Namoz Sultonov 1938 yilda Samarqand viloyati Payariq tumanida tug‘ilgan. 1957-1962 yillarda P.Benkov nomidagi Toshkent badiiy-rassomchilik bilim yurtida tahsil olgan. So‘ngra Toshkent teatr va rassomlik institutida o‘qigan.