Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqandda “yashil” hududlardagi bolalarning yozgi sog‘lomlashtirish mavsumi 10 iyundan boshlanadi

Bolalarning dam olishini tashkil etish va sog‘lomlashtirish chora-tadbirlarini ishlab chiqish hamda ularni amalga oshirish yuzasidan tizimli nazorat va monitoringni ta’minlash bo‘yicha viloyat muvofiqlashtiruvchi guruhning majlisida Samarqand viloyatida 2020 yilgi bolalarni yozgi oromgohlarda dam oldirish mavsumi joriy yilning 10 iyunidan boshlanishi ta’kidlandi. Bunda bir davrada sog‘lomlashtirish muddati 12 kun etib belgilandi.

Korxona va tashkilotlar, tuman, shahar hokimliklariga tasarrufida oromgoh bo‘lgan xo‘jalik organlari bilan birgalikda bolalarni dam oldirish va sog‘lomlashtirish oromgohlaridagi barcha xodimlarni karantin qoidalarida ko‘rsatilgan talablar asosida o‘qitish hamda har bir bola va xodim o‘rtasida ijtimoiy masofani saqlagan holda ishni tashkil etish vazifasi yuklatildi. Shuningdek, oromgoh hududiga kirish-chiqish joylarini tegishli mutaxassislar, pirometr va antiseptik vositalar bilan ta’minlash, dam oluvchilar va xodimlarning tana haroratini o‘lchab, 37 S va undan yuqori bo‘lgan holatda oromgohlarga kiritmaslik choralari ko‘riladi.

Oromgohlarda tashkil etiladigan to‘garaklarning faoliyat yuritishi alohida nazoratga olinib, to‘garaklar mashg‘ulotlari malakali o‘qituvchi–mutaxassislar tomonidan olib boriladi.

Samarqand viloyati epidemiyaga qarshi kurashish favqulodda komissiyasi yig‘ilishi qaroriga ko‘ra, 1 iyundan «Yashil» hududlarda  sanatoriylar, pansionatlar, bolalar oromgohlari, mehmon uylari, boshqa dam olish maskanlari va joylashtirish vositalari faoliyatiga (hostellar bundan mustasno), mazkur maskanlarga fuqarolarni tashish uchun viloyatlararo avtobuslar va turistik tashkilotlar avtobuslari qatnoviga ruxsat berildi.

Bunda avtobuslarda haydovchi va yo‘lovchilar tibbiy niqob, tibbiy qo‘lqopda bo‘lishi lozim. Avtobuslar viloyatlararo qatnovlarda «qizil» hududlarda to‘xtamagan holda harakatlanadi.