Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqandda yil yakuniga 49 bog‘cha foydalanishga topshiriladi

Viloyat hokimligidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, Investitsiya dasturi asosida yil yakunigacha 49 ta maktabga ta’lim muassasasi qurib, foydalanishga topshiriladi. Natijada 6030 nafar o‘g‘il-qizlar maktabga ta’lim muassasasiga qamrab olinadi.

Xususan, eng ko‘p maktabgacha ta’lim muassasasi Urgut va Narpay tumanlarida bunyod etilmoqda. Bu ikki hududda yil yakunigacha 5 tadan davlat maktabgacha ta’lim muassasasi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

Shuningdek, "Obod qishloq" dasturi asosida 10 ta davlat maktabgacha ta’lim muassasasi rekonstruksiya qilinadi, yana 10 ta bog‘cha mukammal ta’mirlanadi.

"Obod qishloq" dasturi doirasida olib borilayotgan ushbu ishlarga 42 milliard 380 million so‘m mablag‘ ajratilgan.

Bugungi kunda viloyat maktabgacha ta’lim tizimida jami 1572 ta maktabgacha ta’lim muassasalari faoliyat yuritmoqda.

Jumladan, shahar va tumanlarda 639 tasi davlat, 1 ta tashkilotga qarashli va 932 tasi nodavlat (55 ta xususiy, 34 ta davlat-xususiy sheriklik asosida va 843 ta oilaviy) maktabgacha ta’lim muassasalari mavjud.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 315028 nafar maktabgacha yoshdagi bolalarning 112 328 nafari (35,7 foiz) maktabgacha ta’lim muassasalariga qamrab olingan.

Ulardan 79,3 foizi davlat, 2,5 foizi nodavlat (xususiy), 18,1 foizi davlat-xususiy sherikchilik asosidagi maktabgacha ta’lim muassasalariga qatnaydi. Shuningdek, 0,1 foizi o‘g‘il-qizlar tashkilotga qarashli bog‘chalarda ta’lim-tarbiya oladi.