Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqandda yiliga 30 ming tonna baliq yetishtiriladi

Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi viloyat boshqarmasi tomonidan baliqchilikni yanada takomillashtirish maqsadida baliq turlarini ko‘paytirish, mahsulotni qayta ishlash va sadok usulida parhez mahsulotlar yetishtirishni yo‘lga qo‘yish yuzasidan istiqbol rejasi belgilangan.

Prezidentimizning baliqchilikni rivojlantirishga oid qarorlariga asosan, viloyatda sohaga yangi texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha yopiq tizimli va intensiv usulda kichik suv havzalari barpo etilmoqda. Ushbu suv havzalarida “Afrika laqqasi”, “Karp”, “Forel” va “Osyotr” baliqlarini yetishtirish yo‘lga qo‘yilgan.

Zarafshon daryosining viloyat hududidan o‘tuvchi qismida sadok usulida baliq yetishtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Qafasning bu turidan hozir tadbirkorlar ham keng foydalanmoqda.

Bundan tashqari, kelgusida Xitoy tajribasini ommalashtirgan holda, uy sharoitida, kichik hajmdagi suv havzalarida baliq yetishtirish orqali aholini kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha loyihalar ishlab chiqilmoqda.

Hozirda viloyatda 459 ta baliqchilik xo‘jaligi mavjud va ularga 9 ming 553 gektar suvli maydon ajratilgan. Shundan, 7 ming 909 gektari tabiiy va 1 ming 644 gektari sun’iy suv havzalari hisoblanadi.

Joriy yilda viloyat bo‘yicha 30 ming tonna baliq yetishtirish, 45 milliard 445 million so‘mlik 30 ta loyiha ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Hozirgacha Oqdaryo va Urgut tumanlarida 3 ta loyiha ishga tushdi.

Payariq tumanida esa 460 gektar havzada baliqchilikka ixtisoslashgan 72 fermer xo‘jaligi faoliyat yuritmoqda. Joriy yilning 9 oyida ular tomonidan 2 ming 69 tonna baliq mahsuloti yetishtirildi.

Agroinspeksiyaning viloyat boshqarmasi axborot xizmati.