Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqandda zo‘ravonlik sodir etgan 16 nafar shaxs aniqlandi

2020 yilning 20 sentyabr kunidan 20 oktyabr kuniga qadar Camarqand viloyati miqyosida “Tazyiq va zo‘ravonlikka qarshi kurashish oyligi” maxsus profilaktik tadbirlari  o‘tkazilayotganligi to‘g‘risida xabar bergan edik.

Tadbirga 661 nafar IIO xodimlari (profilaktika inspektorlari hamda xotin-qizlar masalalari bo‘yicha inspektorlar) va 842 nafar jamoatchilik vakillari - 1503 nafar xodimlar jalb etilgan bo‘lib, 5 kun davomida 3305 ta oilalar o‘rganildi.

5 kunlik o‘rganishlar davomida 365 ta nizoli oilalar bilan profilaktik ishlar olib borildi, ushbu oilalarda 47 muammo aniqlanib, shundan 25 tasi joyida ijobiy hal etildi, 29 ta holatda notinchlikka barham berildi, 11 ta holatda ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalar o‘zaro yarashtirildi.

Tadbir davomida oila turmush munosabatlari doirasida xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik sodir etgan 16 nafar shaxslar aniqlanib, hududiy profilaktika inspektorlari va xotin-qizlar masalalari bo‘yicha inspektorlar tomonidan jabrlangan xotin-qizlarga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 4 yanvardagi “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qaroriga asosan tegishli tartibda “Himoya orderlari” rasmiylashtirilib, mazkur qaror hamda orderda belgilangan cheklov talablari bo‘yicha batafsil huquqiy tushuntirish ishlari olib borildi.

Shuningdek, viloyatimiz hududida yashovchi xotin-qizlarimizni har qanday tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish maqsadida tadbir davomida mahalla hamda sektorlar kesimida tazyiq va zo‘ravonlik sodir etishga moyil bo‘lgan shaxslar ro‘yxatlari shakllantirilmoqda.

Samarqand IIB matbuot xizmati xabariga ko‘ra, maxsus profilaktik tadbirlar viloyat bo‘ylab davom etmoqda.