Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqanddagi afg‘onlararo uchrashuvda «Tolibon» ham qatnashishi mumkin

«Tolibon» harakati, agar taklif qilinsa, O‘zbekistonda o‘tadigan navbatdagi afg‘onlararo tinchlik konferensiyasida ishtirok etishni o‘ylab ko‘rishini bildirdi, deb yozadi Minbar. «Lekin hozircha toliblar muzokaraga rasman taklif qilinmagan», – deydi Tolibonning Dohadagi siyosiy vakolatxonasining matbuot kotibi Suhayl Shahin.

«O‘zbekistondagi uchrashuv kuni hali belgilanmadi. Agar bizni taklif qilishsa, bu haqda o‘ylab ko‘ramiz», – degan Suhayl Shahin.

7-8 iyulda Qatarda bo‘lib o‘tgan konferensiyada qatnashgan afg‘onlarning aytishicha, keyingi afg‘onlararo uchrashuv 3-4 haftadan so‘ng Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadi.

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Kobulda Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani bilan uchrashuvi chog‘ida Afg‘oniston hukumatiga O‘zbekiston hududida «Tolibon» bilan tinchlik muzokaralarini o‘tkazishni taklif etgan edi.

«O‘zbekiston "Tolibon" muzokarachilarini qabul qilishi mumkin, agar ular Afg‘oniston hukumati bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokara o‘tkazishga tayyor bo‘lsa», – degan Abdulaziz Komilov.

«Tolibon» Afg‘oniston hukumatini nolegitim va AQShning «qo‘g‘irchog‘i» deb hisoblaydi. Shuning uchun afg‘on hukumati bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokara o‘tkazishdan bosh tortib, AQSh rasmiylari bilan muzokara o‘tkazib keladi.

Bu taklif nega muhim: Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatilishidan O‘zbekiston o‘ta manfaatdor. Birinchidan, mintaqada xavfsizlik ta’minlanadi. Ikkinchidan, O‘zbekiston uchun dengiz portlariga chiqish uchun qisqa yo‘l ochiladi. Uchinchidan esa o‘zaro savdo hajmi oshadi.

Abdulaziz Komilov va O‘zbekistonning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Ergashev 4 mart kuni Qatarda «Tolibon» amirining muovini mulla Abdulg‘ani Barodar bilan ham uchrashgan edi. O‘shanda Barodar Toshkentda 2018 yilning martida Afg‘oniston bo‘yicha o‘tkazilgan xalqaro anjuman natijalarini yuqori baholagan.