Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqanddagi ta’minotchilar bolalar bog‘chalariga sifatsiz go‘sht yetkazishi kuzatilmoqda

“Muassasadagi shart-sharoitlar bilan tanishar ekanmiz, bu yerda juda xunuk bir manzaraga guvoh bo‘ldik”, deb yozadi maqola mualliflari.

“Bolajonlarga mazali taomlar tayyorlab berish uchun keltirilgan 4-5 kilogramm chamasidagi muzlatgichda saqlanayotgan go‘sht aynib, sasib ketgan. Mazkur holatdan hijolatga tushgan Gulzoda Ro‘ziyeva yuragidagi dardlarini to‘kib soldi.

-  Bu go‘sht mahsulotini bir necha kun oldin ta’minotchilar olib kelganida ham shunday holatda edi, - deydi muassasa hamshirasi Gulzoda Ro‘ziyeva. – Bu haqda mudiramizga ham aytib, bunday go‘sht mahsulotlarini bolalar uchun tayyorlanayotgan ovqatlarga solib bo‘lmasligini tushuntirganman. To‘g‘rida, Xudo ko‘rsatmasin, ertaga biron kor-xol bo‘lsa buning uchun kim javob beradi? Bu go‘sht qanday keltirilgan bo‘lsa, shunday muzlatgichda turibdi. Undan bir kilo ham ishlatishga qo‘ymadim.

Vaziyatning bu darajagacha kelib qolganidan taajubga tushib, masalaga oydinlik kiritish maqsadida tuman Davlat sanitariya va epidemiologiya nazorat markazi mutasaddilari bilan bog‘landik.

-  Bu masalada tumandagi bir nechta maktabgacha ta’lim muassasalaridan murojaatlar bo‘lgan edi, - deydi DSNEM bosh shifokori Zamonali Halilov. – Murojaatda aynan go‘sht mahsulotini  iste’molga yaroqli yoki yaroqsizligi so‘ralmagan. Go‘sht mahsulotini ayni paytdagi holatini aniqlab berish so‘ralgan edi. Mutaxassislarimiz tomonidan o‘tkazilgan tekshirishlar natijasiga ko‘ra, go‘sht mahsuloti Samarqand shahridagi ta’minotchilar tomonidan maxsus transportda emas, yuk avtomashinasida tashib kelingani bois, sifatida o‘zgarishlar yuz bergani to‘g‘risida xulosa berilgan. Undan keyingi jarayonlar qay darajada davom etgan, bundan xabarimiz yo‘q. Agar muassasadagi go‘sht mahsuloti haqiqatdan ham iste’molga yaroqsiz holatga kelgan bo‘lsa bu borada bog‘cha mutasaddilari bizga xabar berishlari kerak edi. Mobodo, agar tarbiyalanuvchilarga shunaqa sifatsiz go‘shtdan taom tayyorlab yediriladigan bo‘lsa, bunga alabatta mas’ul rahbarlar javob berishi shart.

Nahotki tizimda shunday ulkan islohotlar borayotgan bir paytda ayrim bog‘chalarda tarbiyalanayotgan bolalar sasigan go‘sht bilan siylanayotgan bo‘lsa?!”, deb yozadi maqola mualliflari.