Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

SamDU o‘qituvchilari Urgut tumanidagi maktablar faoliyatini o‘rgandi

2020 yil 15 oktyabr kuni Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov Urgut tumanidagi maktab direktorlari bilan yig‘ilish o‘tkazgan va ayrim maktablar tanqid qilingan edi. Yig‘ilish bayoni ijrosini ta’minlash yuzasidan tumandagi umumta’lim maktablarida ta’lim sifati va samaradorligini oshirish bo‘yicha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar belgilandi.

Jumladan, Samarqand davlat universiteti o‘qituvchilari hamda viloyat xalq ta’limi boshqarmasi mas’ul xodimlari tomonidan tuzilgan ishchi guruh Urgut tumanidagi bitiruvchilari oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirolmagan 32 ta maktabda bo‘ldi.

Ishchi guruh tumandagi 7-, 12-, 104-, 50-, 145-, 54- hamda 144-umumta’lim maktablarida bo‘lib, ta’lim muassasalarida yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi.

Shuningdek, universitet o‘qituvchilari ta’lim muassasasi pedagoglari hamda maktab bitiruvchilari bilan suhbat jarayonida ularning fikr-mulohazalarini tingladi.

Ishchi guruh maktab rahbarlariga har bir maktab kesimida o‘qituvchilar reytingini aniqlash, sinflarga faxriy o‘qituvchilarni biriktirish hamda to‘garaklar faoliyatini takomillashtirish, o‘qituvchilarga reytingda olgan o‘rinlariga ko‘ra, pullik to‘garaklarni tashkil etish, maktablarda sinf rahbarlarini 100 foiz qayta ko‘rib chiqish kabi topshiriqlar berdi.