Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

SamDUda 17 foiz talaba imtihondan «yiqildi»

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 5 iyunda "Oliy ta’lim muassasalarida ta’lim sifatini oshirish va ularning mamlakatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarda faol ishtirokini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qaroriga ko‘ra 2018-2019 o‘quv yilidan oliy ta’lim muassasalaridagi 1-bosqich talabalari bilimini nazorat qilish va baholashning yangi tizimi joriy etildi.

- Baholash Koreya reyting tizimi asosida amalga oshirilmoqda, - deydi Samarqand davlat universitetining talabalar bilimini baholash bo‘limi boshlig‘i Sharif Aminjonov. - Yangi reyting tizimini muvaffaqiyatli bajarish maqsadida talabalar bilimini baholash bo‘limi tashkil etildi. Oldingi reyting tizimida eng past (3 baho uchun) ball 55 va 70 oralig‘ida bo‘lgan bo‘lsa, endilikda 60 balldan 79 ballgacha etib belgilandi.Talaba 80 balldan 89 ballgacha to‘plasa, "4" baho va 90 balldan yuqori to‘plasa, "5" baho olishi mumkin.

Yana bir yangilik. Endilikda talaba imtihonda belgilangan fanlarning uchtasidan 60 dan past ball to‘plasa, qayta imtihon topshiradi. Fanlardan akademik qarzdorligi 4 ta va undan ortiq bo‘lgan talabalarga qayta imtihon topshirishga ruxsat berilmaydi va muassasa rektorining buyrug‘i bilan kurs­dan qoldiriladi. Fan o‘qituvchilarining esa imtihon jarayonida qatnashishiga ruxsat berilmaydi. Ayni paytda universitet bo‘yicha 83 foiz talabalar dastlabki imtihonlardan o‘tgan bo‘lsa, 17 foizi qayta imtihon topshirmoqda.

- Birinchi semestrdan shu payt­gacha o‘qigan bilimim bilan o‘tib ketaman deb o‘ylagandim, - deydi Samarqand davlat universiteti tarix fakulteti 1-bos­qich talabasi Sheroz Ne’matullayev. - Ammo imtihonlarda nazorat va talab juda qattiq bo‘ldi. Qadimgi dunyo tarixi fanini yaxshi o‘zlashtirolmaganim pand berdi va birinchi sinovda «yiqildim». Shu bois berilgan muddatda qayta tayyorlandim va ikkinchi imtihon sinovlarida ishtirok etyapman. 

Darhaqiqat, belgilangan fanlardan dars bergan o‘qituvchi-pedagoglar yakuniy nazorat jarayonlarida ishtirok etmaydi. Bu o‘z navbatida, talabalarning bilimiga yarasha baholanishiga imkoniyat yaratadi.

Talaba imtihon natijalaridan qoniqmasa, appelyasiyaga berish imkoniyatiga ega. Talabaning e’tirozi fanlar bo‘yicha fakultetlarning dekanati qoshida shakllantirilgan professor-o‘qituvchilardan iborat appelyasiya guruhi a’zolari tomonidan ko‘rib chiqiladi va baholanadi.

- Bu tizim talabaning qay darajada bilimga ega ekanini ko‘rsatmoqda, - deydi SamDU filologiya fakulteti o‘qituvchisi Sh.Mahmadiyev. - Bugun talabalarning o‘zbek tili fanidan yozgan nazorat ishini kafedramizning yana bir o‘qituvchisi bilan tekshiryapmiz. Bu fanni biz emas, kafedraning boshqa o‘qituvchisi o‘tgan. Tekshirilayotgan ishlar shtrixlangan va ular qaysi guruh talabalariniki ekanini ham bilmaymiz. Agar imtihonlar shu tizim asosida o‘tadigan bo‘lsa, albatta, o‘qishni bitirgan talaba bilimli kadr bo‘lib yetishadi. Birgina misol, biz birinchi nazoratda tekshirib, qoniqarsiz deb baholagan ishlarning keyingi sinovlarda ilmiy va g‘oyaviy boyiganini ko‘ryapmiz. Bu esa dastlabki imtihondan yiqilgan talaba har xil qing‘irliklardan ko‘ra o‘qib, izlanib baho olishga intilayotganini bildiradi.

Abdujabbor PO‘LATOV.