Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

SamISI Jomboyning “yashil” hududga o‘tishiga ko‘maklashish bo‘yicha 70 million so‘mlik shartnoma imzoladi

2020 yil 3 dekabr kuni “Ilm-fan va innovatsiyani rivojlantirish borasida oliygoh, ilmiy tashkilotlar, tarmoq va hududlar oldidagi ustuvor vazifalar” mavzusida mamlakatimiz rahbari tomonidan o‘tkazilgan selektor yig‘ilishida hududlar tomonidan ilm-fan va innovatsiyalarga talabni shakllantirishga alohida e’tibor qaratildi.

Samarqand iqtisodiyot va servis institutida ham bu borada bir qator ishlar amalga oshirildi. Jumladan, institut professor-o‘qituvchilari tomonidan “Samarqand viloyati Jomboy tumanini 2020-2022 yillarda kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish Dasturini shakllantirish bo‘yicha konsalting xizmati” mavzusida ilmiy loyiha bajarilmoqda. Jomboy tumani hokimiyati bilan ushbu ilmiy-tadqiqotlarni olib borish bo‘yicha 70 million so‘mlik shartnoma tuzilgan.

Loyihaning asosiy maqsadi - Jomboy tumanining ijtimoiy-iqtisodiy sohalaridagi holatini tahlil qilish asosida, ularni rivojlantirish uchun “o‘sish” nuqtalarini (drayverlarini) belgilashdan iborat. Institutning 15 nafar professor-o‘qituvchilaridan iborat bo‘lgan ishchi guruh ikki oy davomida Jomboy tumanining barcha ijtimoiy-iqtisodiy sohalari – sanoat, qishloq xo‘jaligi, xizmat ko‘rsatish, ta’lim, sog‘liqni saqlash tizimini chuqur o‘rgandi. Ularni rivojlantirish bo‘yicha ilmiy asoslangan tavsiyalar ishlab chiqildi.

Hozirgi kunda tumanlarning reytingi bo‘yicha respublikada Jomboy tumani “sariq” zonada turibdi. Institut ishlab chiqilgan ilmiy tavsiyalarni amaliyotga joriy qilish asosida tuman reytingini “yashil” hududga o‘tkazishni maqsad qilgan. Loyiha natijasida “Jomboy tumanini 2020-2022 yillarda kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish Dasturi” ishlab chiqilmoqda.

Dilbar ASLANOVA,

Samarqand iqtisodiyot va servis instituti ilmiy ishlar bo‘yicha prorektori.