Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

SamVMI professor-o‘qituvchilari Turkmaniston qishloq xo‘jalik institutining xalqaro sertifikatini qo‘lga kiritdi

Samarqand veterinariya meditsinasi instituti ayni kunda dunyoning 90 ga yaqin oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik qiladi.

Institut xalqaro hamkorlik bo‘limi tashabbusi bilan noyabr oyida institut professor-o‘qituvchilari tomonidan Turkmanistonda qishloq xo‘jaligi yo‘nalishidagi oliygohlar talabalari uchun ochiq ma’ruza darslari tashkil qilindi. Onlayn tarzda o‘tgan mashg‘ulotlarda har ikkala mamlakatning veterinariya sohasi mutaxassislari, yosh tadqiqotchilar, mustaqil izlanuvchilar, professor-o‘qituvchilar, shuningdek, talaba yoshlar ishtirok etdi.

Vebinarda veterinariya sohasining bugungi dolzarb muammolari, ularni bartaraf etishning yangi va zamonaviy usullari, keyingi yillarda chorva mollarida qayd etilayotgan kasalliklar va ularni davolash yo‘llari xususida ma’lumot berildi.

 - Bu kabi hamkorlik tomonlar uchun juda foydali, - deydi institut xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Iroda Bo‘tayeva. - Vaziyat taqozosiga ko‘ra, mashg‘ulotlar masofaviy tarzda o‘tkazilmoqda. Biz kelgusida professor-o‘qituvchilarni ma’ruza o‘qish uchun xorijiy ta’lim muassasalariga yuboramiz. Ular bizga o‘z mutaxassislarini jo‘natadi. Shuningdek, talabalar ham bu imkoniyatlardan foydalanishlari mumkin. Almashinuv dasturlari institutning ilmiy nufuzini ko‘tarishga va raqobatbardosh mutaxassislar tayyorlashga ko‘mak beradi.

Turkman talabalariga dars bergan institut professorlari B.Bakirov, A.Abdurasulov hamda dotsent B.Yahyoyevlar Turkmaniston qishloq xo‘jalik institutining xalqaro sertifikatini qo‘lga kiritdi.

SamVMI axborot xizmati.