Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

SamVMI talabasi xalqaro chellenj g‘olibi bo‘ldi

Samarqand veterinariya meditsinasi instituti talabasi Nurmuhammad Narziyev Xalqaro epizootik Byuro tomonidan tashkil etilgan musobaqada mutlaq g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Internetda chellenj tarzida tashkil etilgan mazkur halqaro bellashuv dunyo miqyosida joriy yilning 15 yanvaridan 12 fevral kuniga qadar o‘tkazildi. Unda dunyoning barcha mamlakatlaridan oziq-ovqat xavfsizligi va hayvonlar orqali tarqaladigan virusli kasalliklar bo‘yicha tadqiqotchilar, veterinariya mutaxassislari va talabalar ishtirok etdi.

Xalqaro epizootik byuro 1924 yilda tashkil etilgan bo‘lib, bugungi kunda dunyoning 180 dan ortiq davlatlari mazkur xalqaro tashkilotning a’zosi hisoblanadi. O‘zbekiston mustaqillikning dastlabki yillaridanoq, 1992 yil 9 oktyabrdan Xalqaro epizootik byuroning a’zosi sanaladi va Xalqaro Veterinariya kodeksiga muvofiq xorijiy davlatlar bilan har tomonlama teng huquqli munosabatlar, hamkorliklar yo‘lga qo‘yilgan.

Oziq-ovqat xavfsizligi masalasi bugun dunyoning eng global muammolaridan biri sifatida e’tirof etiladi. Hayvonlardan tarqaladigan va epidemiyaga aylanib, davlatlar iqtisodiyotiga katta miqdorda zarar keltiradigan holatlarning oldini olish, o‘rganish va tatbiq etishni maqsad qilgan Xalqaro epizootik byuro tomonidan bu chellenj ikkinchi bor o‘tkazilmoqda. O‘tgan yilgi musobaqada 250 ming ball bilan Janubiy Afrika Respublikasi vakili g‘oliblikni qo‘lga kiritgan edi. Bu yil esa 798 ming ball to‘plab, O‘zbekiston vakili, ya’ni Samarqand veterinariya meditsinasi instituti talabasi muvaffaqiyat qozondi.

Tanlov shartlariga ko‘ra, barcha savollarga to‘g‘ri javob berib, eng yuqori ball to‘plagan g‘olib Fransiya poytaxti Parij shahriga 7 kunlik sayohat yo‘llanmasini hamda har yili may oyida XEB shtab-kvartirasi joylashgan Parijda bo‘lib o‘tadigan Delegatlar butunjahon assambleyasining bosh sessiyasida ishtirok etish imkoniyatini qo‘lga kiritadi.

Demak, 2020 yil g‘olibi Nurmuhammad Narziyev may oyida Parijga yo‘l oladi.

- Hayvonlar xirurgiyasiga qiziqaman, - deydi Nurmuhammad. - Dastlab bilimimni sinab ko‘rish maqsadida chellenjda ishtirok etdim. Parijga sayohat, nufuzli halqaro tashkilotning Bosh Assambleyasida ishtirok etishni ko‘pchilik orzu qiladi. Lekin maqsad o‘zimni sinab ko‘rish edi. Savollarga to‘g‘ri javob beraversangiz, o‘zingiz qanday kirishib ketganingizni bilmay qolarkansiz. Menda ham shunday bo‘ldi. Uxlamagan tunlarim, internet yaxshi ishlamay qolgan kunlar ham bo‘ldi. Chellenj 24 soat davom etardi. Ko‘pincha musobaqa haqqoniy bo‘lishi uchunmi, keyingi savollar qachon e’lon qilinishini aniq aytishmasdi. Har bir to‘g‘ri javobga 30 balldan berishsa, demak, 25 mingtacha savollarga to‘g‘ri javob yo‘llaganman. Uch kun davomida 1000 ballik savollar ham bo‘ldi. Shuning hisobiga omadim kelib, g‘olib bo‘ldim. Kasalliklarga to‘g‘ri tashxis qo‘ya olganimdan xursandman. Ilmiy rahbarim, veterinariya fanlari nomzodi, dotsent R.Toshtemirovga, ustozlarim dotsent B.Narziyev va assistent J.Yo‘lchiyevlarga minnatdorchilik bildiraman. G‘alabamda ularning hissasi katta.

Chellenjga kirishgan paytim eng oldingi o‘rinlarda ketayotganliderdan 11 000 ball ortda edim, ammo omadim keldi.

Yana bir qiziq ma’lumot, Xalqaro epizootik byuro tomonidan tashkil etilgan mazkur chellenjda ikkinchi o‘rin sohibi ham Samarqand veterinariya meditsinasi instituti magistranti Rashid Suyunov. Rashid musobaqaning oxirgi o‘n kunligigacha liderlar safida bo‘lgan. U 731 ming bal yig‘ib, ikkinchi o‘rin sohibiga aylangan. Demak, Rashid ham g‘oliblar safida. U kuchli o‘ntalikda Hindiston va Misr vakillaridan oldingi o‘rinlarni band qilgan.

- Yirik shoxli qoramollar o‘lati bugun dunyoda kam uchraydigan epizootiya, - deydi Rashid. - Tashkilot o‘tgan asrda dunyoda aynan shunday vaziyat yuzaga kelgan va davlatlarning iqtisodiga katta zarar keltirgan voqealar munosabati bilan tashkil etilganligi uchun musobaqa mavzusi ana shunday ramziy ma’no kasb etdi. Bizdan e’lon qilingan kasalliklarga to‘g‘ri tashxis qo‘yish so‘ralgandi. Buni bajara oldik va eng oldingi o‘rinlarni egalladik.

Gulchehra BERDIYoROVA.