Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Sartepa maskanidagi bozorda qariyaga og‘ir tan jarohati yetkazgan shaxs qamoqqa olindi

Xabaringiz bor, o‘tgan kuni Sartepa maskanidagi bozor qo‘riqchisi kaltaklangani haqida xabar bergan edik.

O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti ushbu holat yuzasidan rasmiy ma’lumot berdi.

Aniqlanishicha, 2020 yilning 29 mart kuni taxminan soat 02:30 da 32 yoshli Aziz T. Samarqand shahrida joylashgan “Tabiat-saxovat” dehqon bozori oldida joylashgan do‘kon oldiga kelib, shu do‘konda norasmiy qorovul bo‘lib ishlagan fuqaro, 63 yoshli Xusinali M.ga qorni ochganligini va unga “xot-dog” tayyorlab berishini aytgan.

Ammo Xusinali M. unga do‘kon karantin sababli yopiqligini aytganidan so‘ng u bilan janjallashib qolib, Aziz T. Xusinali M.ni qo‘l va oyoqlari bilan qasddan urib-do‘pposlab, unga og‘ir tan jarohati yetkazgan.

Mazkur holat yuzasidan Samarqand shahri buyicha IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan fuqaro Aziz T.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi 1-qismi (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Jinoyat ishi bo‘yicha Aziz T.ga JKning 104-moddasi 2-qismi “v” bandi (o‘ta shafqatsizlik bilan, qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) bilan ayb e’lon qilinib, unga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Hozirda dastlabki tergov harakatlari davom ettirilmoqda.