Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Saydulla Mirzayevning olimligi ilmu amali bilan mukammal edi

Bugun ustozimiz - iste’dodli olim, mohir pedagog, adabiy tanqidchi Saydulla Mirzayev tavallud topganiga 90 yil to‘ldi.

U kishining o‘zbek adabiyoti ravnaqiga qo‘shgan hissasi haqida keng to‘xtalmoqchi

emasmiz. Chunki bugun e’lon qilingan "Adabiyot jonkuyari, ziyolilar fidoyisi Saydulla Mirzayev hayot bo‘lganida bugun to‘qson yoshga to‘lardi" maqolasida bu haqda mukammal yozildi.

O‘tgan asrning 30-yillarida Samarqand davlat universitetida filolog olimlarning butun bir avlodi yetishib chiqdi, adabiyotshunoslik, tilshunoslik maktablariga asos solindi. 60-yillarga kelib esa dorilfununda filologiya ilmining ikkinchi bir to‘lqini yuzaga keldi. Akademik Vohid Abdullayev rahnamolik qilgan bu avlod vakillari o‘zbek adabiyoti muammolarini jahon adabiyotshunosligining talablariga muvofiq har tomonlama tadqiq etishga kirishib, milliy adabiyotimizning bugungi ravnaqini belgilab berdi. B.Valixo‘jayev, N.Shukurov, R.Orzibekov, R.Qo‘ng‘urov qatori bu borada filologiya fanlari doktori, professor, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi Saydulla Mirzayevning ham munosib o‘rni bor.

Iste’dodli olim Saydulla Mirzayev yarim asrdan ortiqroq davr mobaynida universitetda mehnat qilib, ilm-fan taraqqiyoti va yetuk kadrlarni tayyorlashga ulkan hissa qo‘shdi. Ustoz Saydulla Mirzayevning butun faoliyati universitetimiz hayoti bilan uzviy bog‘liq edi. Adabiyotshunos olim 1955 yilda nomzodlik, 1973 yilda doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi.

Saydulla Mirzayev adabiy tanqidchi sifatida o‘nlab ijodkorlarning asarlarini xolisona tahlil qildi, yutuq va kamchiliklarini ko‘rsatish barobarida ijodkor zimmasida turgan badiiy so‘z mas’uliyatini qayta-qayta uqtirdi. Yetuk ijod mahsuli bo‘lgan asarlarni targ‘ib qilish bilan bir qatorda, o‘zining ilmiy salohiyatini namoyon qildi.

S.Mirzayev ijodida adabiy portret janri muhim o‘rin tutadi. Adabiy portretning boshqa ilmiy janrlardan murakkabligi shundaki, tadqiqotchi o‘rganilayotgan ijodkor asarlarining barchasidan xabardor bo‘lishi kerak hamda o‘qib, uqib, tahlil qilib, umumlashtirish salohiyatiga ega bo‘lishi kerak. XX asr o‘zbek adabiyotining biror muammosi, ko‘zga ko‘ringan biror vakili yo‘qki, Saydulla Mirzayev e’tiboridan chetda qolgan bo‘lsa.

Adabiyotshunos olimning olti yuzga yaqin maqolasi vaqtli matbuotda e’lon qilindi, ilmiy-ijodiy faoliyati davomida 25 dan ortiq darslik va o‘quv qo‘llanmalar yaratdi. “O‘zbek romanchiligi”, “Mustaqillik davri o‘zbek adabiyoti”, “Hayot va adabiyot”, “XX asr o‘zbek adabiyoti” kabi asarlari bugungi kunda ham filolog-talabalar uchun asosiy adabiyotlardan sanaladi.

Ustoz Saydulla Mirzayev vaqtni juda qadrlardi, deyarli bo‘sh vaqti bo‘lmasdi. Buni ustozning biografiyasini kuzatib ham ishonch hosil qilish mumkin. Yillik 1000 soatga yaqin o‘quv yuklamasidan tashqari kafedra, fakultet yumushlari, tirikchilik tashvishlari-yu, farzandlar tarbiyasidan ortib, muttasil ilmiy-tadqiqot ishlari bilan shug‘ullanish har qanday olimning ham qo‘lidan kelavermaydi. Bekorga ilm yo‘lini igna bilan quduq qazishga o‘xshatishmaydi. Saydulla Mirzayev ilmiy zahmatlari mahsuli bo‘lgan asarlari hajmi 100 bosma taboqdan ziyodroq. Ular shunchaki, yo‘l-yo‘lakay yozilgan narsalar emas, balki ilmiy mulohazalarga boy, asosli tahlillarga tayangan, mantiqan tugal, ilmiy-nazariy jihatdan pishiq-puxta asarlar.

Ustoz ijodining qamrov doirasi nihoyatda keng. Uning Abdulla Qahhor, Said Ahmad, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Tog‘ay Murod, Xayriddin Sulton kabilar ijodiga oid tadqiqotlari o‘zbek adabiyotining ko‘z-ko‘z qilsa arziydigan, jahon adabiyoti asarlari bilan bo‘ylasha oladigan nodir namunalari borligini isbotlab berdi.

Erkin Vohidov “Olimu ilmu amal” deya lutf qilganda Saydulla Mirzayevga o‘xshagan mehnatkash va xokisor olimlarni nazarda tutgan. Chindan, Saydulla Ziyodullayevichning olimligi ilmu amali bilan mukammal edi va shu sifatlari bilan xotiramizda mangu saqlanib qoldi.

Shavkat Hasanov,

Azmiddin Nosirov,

filologiya fanlari doktorlari.