Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Saylovga oid qonun hujjatlarini buzish qanday jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi?

Mamlakat hayotida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan saylov jarayonlari bilan bog‘liq qonunbuzarlik uchun fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklariga qarshi jinoyatlar sifatida tasniflanadi.

Jinoyat kodeksidagi ikkita moddada bunday turdagi jinoyatlar uchun muayyan jazo choralari belgilangan. Xususan, kodeksning 146-moddasi saylov yoki referendum tashkil qilish, ularni o‘tkazish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish, deb nomlanadi.

Unga ko‘ra, mansabdor shaxslar, siyosiy partiyalar yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining vakillari, saylov yoxud referendum komissiyalari a’zolari tomonidan ovoz berishning yashirinligini buzish, saylov yoki referendum hujjatlarini qalbakilashtirish, saylov yoki imzo varaqalariga soxta yozuvlar kiritish, berilgan ovozlarni ataylab noto‘g‘ri hisoblashi javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Bunday faoliyat eng kam oylik ish haqining 25 baravarigacha miqdorda jarima yoki 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Shuningdek, 147-moddada fuqarolarning deputat yoki O‘zbekiston Respublikasi Prezidentini saylash yoki saylanish, saylovoldi targ‘iboti olib borish huquqlarini, deputatlikka yoki O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod shaxsning ishonchli vakillari o‘z vakolatlarini erkin amalga oshirishlariga, shuningdek, fuqarolarning referendumda erkin ishtirok etishlariga zo‘rlik ishlatish, qo‘rqitish, aldash yoki og‘dirib olish yo‘li bilan to‘sqinlik qilishga jazo choralari belgilangan.

Bunda 480 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki ikki yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Shu o‘rinda qayd etish lozimki, ilgari har ikki moddada ham qamoq jazosi ko‘zda tutilgan edi. 2017 yil 29 martda Jinoyat kodeksiga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalarga asosan saylov bilan bog‘liq jinoyatlar uchun qamoq jazosi belgilanmaydigan bo‘ldi.

Abdusattor ABDURAZZAQOV,

jinoyat ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on shahar sudi raisi.