Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Sayyor qabul saboqlari: Aniq va uzoq muddatli reja yo‘q

Viloyat hokimi E.Turdimovning navbatdagi qabuli 19 sentyabr kuni Past Darg‘om tumanida bo‘lib o‘tdi. Qabul davomida 450 dan ko‘proq fuqarolar turli masalalar bo‘yicha viloyatning sektor rahbarlariga murojaat qildi.

Tahlillarga ko‘ra, asosan uy-joy bilan ta’minlash, moddiy yordam, davolanishda ko‘mak hamda ichimlik suvi masalalarida murojaatlar bo‘ldi. Ish so‘ragan, internet xizmatlari sifatidan norozi bo‘lganlar ham viloyat hokimi qabuliga kelgan. Albatta, har bir murojaatni ko‘rib chiqish va zarur qaror qabul qilish uchun mutasaddilarga aniq topshiriqlar berildi.

Aniq va uzoq muddatli reja yo‘qmi?

Shu o‘rinda kishini bir o‘y qiynaydi: har bir sayyor qabulda elektr tarmoqlarining ma’nan eskirgan simyog‘ochlarini yangi, zamonaviysiga almashtirish bo‘yicha o‘nlab murojaatlar qayd etilmoqda. Nega mutasaddilar bu borada aniq reja, dastur ishlab chiqib, joriy yilning yakuniga qadar falon tumanning mana bu mahallalaridagi shuncha simyog‘och yangilanadi, degan axborotni butun jamoatchilikka ma’lum qilmaydi? Bunday axborotda kelgusi yilda bu ish falon hududlarda amalga oshiriladi, deyilsa mutasaddilar qabulda behuda vaqt yo‘qotmagan bo‘larmidi? Mavjud imkoniyatdan kelib chiqib, chirib bo‘lgan simyog‘ochlarni almashtirishni 20... yilda yakunlaymiz, degan aniq ma’lumot bo‘lsa, odamlar ham huda-behuda viloyat hokimining vaqtini olmagan, murojaat qilish emas, nazorat bilan shug‘ullangan bo‘larmidi?!

O‘zi umuman, qabullar yakuniga hech bo‘lmaganda tuman bo‘yicha alohida chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilib, sohalar kesimida aniq va uzoq muddatli rejalar tuzib olinsa, maqsadga muvofiq emasmi?!

Davlat xizmatchisi xalqqa xizmat qilsin

Sayyor qabul o‘zini hurmat qilgan, ozgina mushohada yuritadigan rahbarlar va mas’ullar uchun yaxshigina saboq bo‘ldi. Negaki, mahalladagi ichimlik suvi yoki boshqa ko‘pchilik manfaatini ifodalovchi murojaatlarda viloyat hokimi mahalla raisini chaqirtirdi. Muammo yoki masaladan xabari bor yoki yo‘qligi bilan qiziqdi. Bu borada tumandagi mutasaddilar yoki sektor rahbarlariga nega murojaat qilmaganini so‘radi.

Sayyor qabul davomida to‘rachilik, byurokratik to‘siqlarga uchragan fuqarolarning dardini tinglagan viloyat hokimi viloyat prokuraturasidan mas’ullar ishiga huquqiy baho berishni so‘radi. Xususan, o‘z ishi, egallab turgan lavozim majburiyatlarini lozim darajada bajarmayotgan 10 ga yaqin mas’uliyatsiz mutasaddilarga nisbatan ma’muriy chora ko‘rish taklif qilindi.

“Ishga kirmoqchi edim”

Past Darg‘om tumanida o‘tkazilgan sayyor qabulda ham boshqa hududlarda bo‘lgani kabi ishga kirish masalasida murojaat qilganlar anchagina bo‘ldi. Albatta, bu murojaatlar bo‘yicha viloyat hokimi tegishli idoralarga zarur topshiriqlarni berdi. Ishga joylashtirish adolatli, eng muhimi to‘lanadigan haq qoniqarli darajada bo‘lishi zarurligini ta’kidladi.

Shu o‘rinda bir gap. Yodingizda bo‘lsa, viloyat hokimi yil boshida ham tibbiyot tashkilotlariga xodimlarni ishga olishda 0.25-0.5 stavkalardan voz kechish kerakligi, qabul navbat asosida, adolatli yo‘lga qo‘yilishi kerakligini qayd qilgandi. Bu gal ham tuman tibbiyot birlashmasi faoliyati misolida ushbu masala ko‘tarildi va mutasaddilarga aniq topshiriqlar berildi.