Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Shahar markazidagi ko‘p qavatli uy yerto‘lasida kim hojatxona qurgan?

- Nima uchun uch yil ilgari bankdan 130 million so‘m kredit qarz olgan shirkat haligacha uni to‘lash haqida o‘ylamayapti?

- O‘tgan yil sentyabr oyida 9 qavatli uyga o‘rnatilgan lift 120 kun o‘tsa-da, nega bugungacha ishga tushirilmagan?

- Nahotki, ko‘p qavatli uyning yerto‘lasidan xususiy hojatxona qurilganligini hech kim ko‘rmagan bo‘lsa?

Viloyat hokimligida Samarqand shahrida joylashgan ko‘p qavatli uylarda uy-joy fondini boshqarish, saqlash va ta’mirlashni ta’minlash uchun ixtiyoriy birlashma sifatida xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari tashkil etilishi hamda ular faoliyatini o‘rganish natijalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda shu kabi o‘nlab savollar berildi.

Viloyat hokimi E.Turdimov olib borgan yig‘ilishda viloyat hokimligi ishchi guruhlari tomonidan Samarqand shahridagi ko‘p qavatli uy-joylarni saqlash va boshqarish, obodonlashtirish ishlari yuzasidan olib borilgan o‘rganishlar muhokama qilindi. Jumladan, shahardagi to‘rt sektor rahbarlarining hududlarda bajargan ishlari qoniqarsiz ekanligi, ayniqsa, shaharning tarixiy obidalari joylashgan qismida tadbirkorlik sub’yektlarining uy-joylarni qurishda hanuz o‘zboshimchalik qilayotgani keskin tanqid qilindi.

- Bugun qator xususiy shirkatlar faoliyatidan aholi norozi bo‘layotgani bor gap, - dedi viloyat hokimi. – Ayniqsa, Sartepa, Sug‘diyona massivlari, Kimyogarlar shaharchasidagi ko‘p qavatli uy-joylarda olib borilgan qurilish-ta’mirlash ishlari talabga javob bermaydi. Xususan, 1-sektor hududidagi “Yunusobod kommunal Sitora servis”, “Sartepa Gulnoza servis”, 2-sektor hududidagi “Registon”, «Farhod Obod servis», 3-sektordagi «Tashabbuskor kommunal servis» xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatiga qarashli uylarning ayrimlarida noqonuniy o‘rnatilgan suv nasoslari tufayli yerto‘lalar zaxlab ketgan, qurilish chiqindilari to‘planib qolgan. Ayrim uylarda kommunikatsiya va santexnika montaj ishlari haliga qadar yakunlanmagan. Irrigatsiya tarmoqlari nosoz holatda, chiqindilardan tozalanmagan. Ayrim uylarning kirish yo‘laklaridagi elektr shitlari nosoz, bolalar maydonchasi ta’mirtalab bo‘lsa, ayrimlarining tom qismi o‘z vaqtida kuz-qish mavsumiga tayyorlanmaganligi oqibatida ta’mirlash ishlari davom etmoqda. Shahar markazidagi «Registon» uy-joy mulkdorlari shirkatiga qarashli ko‘p qavatli uy yerto‘lasi ayrim mulkdorlar tomonidan egallab olingan. Hatto bu yerda hojatxona qurilgan.

O‘rganishlar jarayonida Farhod shaharchasidagi “Farhod obod servis” shirkatiga qarashli barcha uylarning tomi to‘liq yopilmagan, uylarning ichki yoritish tizimi chiroqlari, irrigatsiya tarmoqlari ta’mirtalab. Yog‘ingarchilikda to‘planadigan suvlarning chiqib ketish yo‘li ko‘zda tutilmaganligi ma’lum bo‘ldi.

Shuningdek, shirkat tarkibidagi uylarning texnik pasporti yo‘q. Uylarning birinchi qavatida yashovchilar o‘zboshimchalik bilan 15 ta noqonuniy eshik ochib olishgan. Buzdirilgan noqonuniy qurilma va garajlar o‘rni esa obodonlashtirilmagan. Aholining majburiy badal to‘lovidan 34,3 million so‘m qarzdorligi mavjud.

Yig‘ilishda aniqlangan muammolarni tezda bartaraf etish, shuningdek, shirkatlar tomonidan aholiga ko‘rsatilgan xizmatlar uchun belgilangan to‘lovlarning shaffofligini ta’minlash va undirish bo‘yicha mutasaddilarga zarur topshiriqlar berildi.

Dilmurod TO‘XTAYeV.