Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Shavkat Mirziyoyev: 31 ta loyihada qoloqlikka yo‘l qo‘yilgan, 8 ta hududiy loyiha samarasiz ishlamoqda

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston iqtisodiyoti rivojlanishining joriy yilda kutilayotgan natijalarini ko‘rib chiqish va 2020 yilda ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotni ta’minlash vazifalarini belgilashga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Tadbirda yil yakunigacha qolgan qisqa vaqtda amalga oshirilishi zarur bo‘lgan chora-tadbirlar muhokama etilgan. Xususan, tarmoq korxonalarida mavjud zaxiralarni safarbar qilish, mahsulot ishlab chiqarish hajmini oshirish, neft-gaz, elektr energetikasi, kimyo sanoati va boshqa yirik korxonalarning soliq qarzdorligini bartaraf etish bo‘yicha vazifalar belgilangan.

Shuningdek, investitsiyalarni o‘zlashtirish holati ham tahlil qilingan. Prezident 31 ta loyiha bo‘yicha qoloqlikka yo‘l qo‘yilgani, 8 ta hududiy loyiha samarasiz deb topilganini ko‘rsatib o‘tgan.

Yig‘ilishda iqtisodiyotda 2020 yil uchun belgilangan asosiy rejalarni ta’minlash masalasiga alohida e’tibor qaratilgan. Kelgusi yilda yalpi ichki mahsulot 5,5 foizga, sanoat 6,5, qishloq xo‘jaligi 4 va xizmatlar 5,7 foizga o‘sishi prognoz qilingan. Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi va Markaziy bankka ushbu ko‘rsatkichlarga erishishda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavf-xatarlarni hozirdan to‘g‘ri baholab, barcha idoralar faoliyatini muvofiqlashtirib borish yuzasidan topshiriqlar berilgan.

Yig‘ilishda jahonda ro‘y berayotgan turli iqtisodiy ziddiyatlar ta’siriga e’tibor qaratilib, kelgusi yil murakkab va sinov yili bo‘lishi ta’kidlangan.

Ichki bozorni iste’mol tovarlari bilan to‘ldirish masalasi ham atroflicha muhokama qilingan. Oziq-ovqat mahsulotlari narxining asossiz o‘sib ketishining oldini olish, buning uchun mahsulot yetishtirilishidan qayta ishlanib, bozorda sotilguncha bo‘lgan jarayonni to‘liq qamrab olgan holda nazorat qilish bo‘yicha mas’ullar belgilangan.

Rejalashtirilgan 201 ta muhim investitsiya loyihasini o‘z vaqtida ishga tushirish, shuningdek, 2020-2022 yillar uchun mo‘ljallangan Investitsiya dasturi loyihasini ishlab chiqish vazifasi qo‘yilgan.

Hududiy investitsiya loyihalarini amalga oshirish, yangi kichik biznes sub’yektlari tashkil etish orqali kelgusi yili 400 mingga yaqin ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan. Prezident mutasaddilarga shu boradagi ishlarni tizimli tashkil etib, belgilangan rejalarni sifatli bajarish bo‘yicha topshiriqlar bergan.