Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjonda “Yil odami” deb e’tirof etildi

Poytaxtimizdagi “Hyatt Regency” mehmonxonasida Ozarbayjonda nashr etiladigan “Tarixiy shaxslar” xalqaro jurnalining O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Yil odami” deb e’tirof etilishi hamda umuman O‘zbekistonga bag‘ishlangan maxsus soni taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Tadbirda mamlakatimizda ro‘yxatdan o‘tgan diplomatik korpus vakillari, jumladan, qator xorijiy davlatlarning elchilari, xalqaro tashkilotlar vakillari, mamlakatimiz tegishli vazirlik, idoralari mas’ul mutasaddilari, keng jamoatchilik ishtirok etdi.

“Tarixiy shaxslar” xalqaro jurnalining Ozarbayjon Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi elchixonasi hamda Elchixona huzuridagi Geydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniy markazi ko‘magida chop etilgan rus tilidagi maxsus sonida, jumladan, shunday so‘zlar keltirilgan:

“Tarixiy an’analarni tiklash yo‘lidagi sermahsul faoliyati, O‘zbekiston Respublikasining siyosiy va iqtisodiy nufuzini jahon miqyosida oshirishdagi mislsiz sa’y-harakatlari, shuningdek, O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi do‘stona aloqalarni rivojlantirishga qo‘shgan ulkan hissasi uchun Ozarbayjonning “Tarixiy shaxslar” xalqaro jurnali Tahrir hay’ati a’zolarining yakdil qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2019 yilda “Yil odami” deb e’tirof etildi”.

Ta’kidlash joiz, Ozarbayjonda 2006 yildan buyon chop etiladigan ushbu jurnal an’anaviy ravishda davlat rahbarlari va taniqli davlat arboblari orasidan “Yil odami”ni e’lon qilib keladi. Hozirgacha bunday sharafli nomga Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin singari shaxslar sazovor bo‘lgan.