Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Shunaqasi ham bo‘lar ekan: qabristonlardagi qonunbuzilish holatlari

Samarqand viloyati tuman, shaharlaridagi obodonlashtirish boshqarmalarida qabristonlarga yer ajratish, saqlash, foydalanish, yopish va o‘zgartirish, shuningdek, fuqarolarga pullik xizmat ko‘rsatish hamda dafn etish joylarini ajratish sohasidagi huquqni qo‘llash amaliyoti o‘rganilganda 9413 ta qonunbuzilish holatlari aniqlandi.

Viloyat adliya boshqarmasining bu haqdagi axborotida qayd etilishicha, o‘rganish davomida viloyatda mavjud 1547 qabristonning 1056 tasiga kadastr hujjatlari rasmiylashtirilgani, 172 ta qabriston atrofi devor yoki to‘siq bilan o‘ralmagani, 1035 tasining ichki yo‘laklari ta’mirlanmagani aniqlandi. Shuningdek, qabrlarni raqamlash va dafn etishni ro‘yxatdan o‘tkazish daftarlarini yuritish ishlari bu boradagi nizom talablariga umuman javob bermasligi kuzatilgan.

Samarqand shahar va tuman obodonlashtirish boshqarmalaridan tashqari boshqa hududlarda qabriston ma’muriyati tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar uchun qat’iyan belgilangan ta’riflar bo‘yicha hisob-kitob qilish mexanizmi yo‘lga qo‘yilmagan. Samarqand shahar va tuman obodonlashtirish boshqarmalarining bu haqdagi buyruqlari ham boshliq tomonidan chiqarilib, shahar, tuman hokimlari bilan kelishilgan. Vaholanki, Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 4 apreldagi 101-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Dafn etish joylarini saqlash, ulardan foydalanish va qabr usti yodgorliklarini o‘rnatish tartibi to‘g‘risida”gi nizomga ko‘ra, qabristonlar ma’muriyatlari tomonidan ko‘rsatiladigan pullik xizmatlar uchun ta’riflar viloyat hokimligi tomonidan belgilanishi lozim.

Buning natijasida Samarqand shahar obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan dafn etish marosimlari (qabr qazish) uchun ko‘rsatilgan pullik xizmatlardan 2017 yilda 140 million so‘m, 2018 yilda 125 million so‘m va 2019 yil boshidan buyon 37 million so‘m pul mablag‘lari noqonuniy undirilgan.

Viloyatdagi qabristonlarni toza va ozoda saqlash uchun 2017-2018 yillarda fuqarolardan 286 million so‘m xayr-ehson mablag‘lari tushgan. Ammo bu mablag‘ning bor-yo‘g‘i 14 million so‘mi sarflangan. 

O‘rganish yakunlari bo‘yicha Samarqand viloyati adliya boshqarmasi qonunbuzilishiga yo‘l qo‘ygan shaxslarni ma’muriy javobgarlikka tortish yuzasidan vakolatli organlarga 226 ta ma’muriy taklif hamda obodonlashtirish boshqarmalariga 16 ta taqdimnoma kiritgan.