Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Siz qancha yer solig‘i to‘laysiz?

Hududingiz va mulkingiz asosida uning miqdori belgilanishini bilasizmi?

Soliq kodeksining 437-moddasiga ko‘ra, yer solig‘i stavkalari 1 kvadrat metr uchun mutlaq miqdorlarda belgilanadi.

Xususan, “2020 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi Qonuniga asosan:

- qishloq joylaridagi yer uchastkalaridan foydalanganlik uchun undiriladigan yer solig‘i stavkalari 0,01 ga. yer uchun (sug‘oriladigan) aholi punktlarida 9098,3 so‘m;

- aholi punktlaridan tashqarida 4550 so‘m, lalmi yerlar uchun 1054,6 so‘m;

- jamoa bog‘dorchiligi va polizchiligi bilan shug‘ullanish uchun ajratilgan yer maydonlariga 4114,9 so‘m qilib belgilangan.

Ushbu soliq stavkalariga yer uchastkasining joylashgan joyidan kelib chiqib koeffitsiyentlar qo‘llaniladi. Jumladan, viloyat markazlaridan 15 kilometr radius masofada 1,20, tumanlar markazidan 10 kilometr radius masofada 1,15 va boshqa shaharlardan 5 kilometr radius masofada 1,10 etib belgilangan.

Hududlarning va faoliyat amalga oshiriladigan joyning xususiyatlarini hisobga olgan holda xalq deputatlari viloyat Kengashi belgilangan soliq stavkalariga 0,7 dan 1,3 gacha bo‘lgan kamaytiruvchi va oshiruvchi koeffitsiyentlar belgilash huquqiga ega va yer uchastkalaridan hujjatlarsiz yoxud yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni tasdiqlovchi hujjatlarda ko‘rsatilganidan kattaroq hajmda foydalanilganda, soliq stavkasi belgilangan soliq stavkalarining uch baravari miqdorida belgilanadi.

Mol-mulk solig‘i stavkalari esa Soliq kodeksining 422-moddasiga asosan quyidagi miqdorda kadastr qiymatiga nisbatan belgilanadi.

Xususan, uy-joylar va kvartiralar, dala hovli imoratlari (umumiy maydoni 200 kvadrat metrdan ortiq bo‘lganlari bundan mustasno), boshqa imoratlar, binolar va inshootlar 0,2 foiz miqdorda.

Shaharlarda joylashgan uy-joylar va kvartiralar, umumiy maydoni 200 kadrat metrdan va 500 kadrat metrga qadar bo‘lganda 0,25 foiz miqdorda hisoblanadi. 500 kadrat metrdan ortiq bo‘lganda 0,35 foiz miqdorda mol-mulk solig‘i to‘lanadi.

Boshqa aholi punktlarida joylashgan, umumiy maydoni 200 kvadrat metrdan ortiq bo‘lgan uy-joylar va kvartiralar, dala hovli imoratlari uchun 0,25 foiz miqdorda soliq to‘lovi undiriladi.

Tadbirkorlik faoliyati uchun yoxud yuridik shaxsga yoki yakka tartibdagi tadbirkorga ijaraga berishda foydalaniladigan soliq solish ob’yektlari, shuningdek, tadbirkorlik faoliyati va (yoki) daromad olish uchun mo‘ljallangan, yashash uchun mo‘ljallanmagan ko‘chmas mulk ob’yektlariga 2 foiz miqdorda mol-mulk solig‘i hisoblanadi.

Soliq kodeksining 420-moddasiga asosan jismoniy shaxslarning mol-mulkini baholash bo‘yicha vakolatli organ tomonidan aniqlangan soliq solish ob’yektining bahosi mavjud bo‘lmagan taqdirda, mol-mulkning shartli qiymati Toshkent va Nukus shaharlarida, shuningdek, viloyat markazlarida – ushbu moddaning ikkinchi qismida ko‘rsatilgan summaning besh baravari miqdorida (210 million so‘m), boshqa shaharlarda va qishloq joylarda esa ikki baravari (84 million so‘m) miqdorida soliq bazasi hisoblanishi belgilangan.

Jamshid NARZIQULOV,

Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi jismoniy shaxslarga xizmat ko‘rsatish bo‘limi davlat soliq katta inspektori.