Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Sovg‘aga 1000 ta kitob, qani edi boshqalar ham shunday qilishsa!

Namangan viloyati, Uychi tumani Uychi shaharchasida joylashgan 40-umumiy o‘rta ta’lim maktabiga, maktabning sobiq bitiruvchilari tomonidan bugun ertalab 1000 ga yaqin kitob sovg‘a tariqasida olib borildi. Bu haqda shu tumanning 40-maktabida maktabda o‘qituvchi bo‘lib ishlayotgan Bahromjon Mirzayev o‘zining tvitter ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida xabar qoldirayapti.
"Bitirgan maktabingga kitob sovg‘a qil" aksiyasini o‘tkazyapmiz. Natija kutilganidan o‘n baravar yaxshiroq. 100-150 ta kitob kelsa katta gap degandim. Erta tongdayoq 1000 dan ortiq kitob olib kelishibdi. Qoyil. O‘zi maktabimiz kutubxonasida jami 1400 ta kitob bor edi".

Shu ishning tafsilotini bilish uchun Bahromjon Mirzayev bilan bog‘landik. Uning so‘zlariga ko‘ra hozirgi kunda tumandagi 26-maktab yangitdan qayta qurilayotgani tufayli unda ta’lim olayotgan o‘quvchilar Uychi shaharchasidagi B. Mirzayev ishlayotgan 40-maktabga vaqtinchalik ko‘chib o‘tishgan va "bitirgan maktabingga kitob sovg‘a qil" tadbirini ana shu ikkita, 40 va 26-maktablar birgalikda o‘tkazayaptilar.
B. Mirzayevning so‘zlariga ko‘ra 1000 dan oshiq kitob ushbu ikkita maktab bitiruvchilari tomonidan ertalabni o‘zida olib kelingan. Kitob kelishi yana davom etayotgan ekan. Qizig‘i, maktab kutubxonasida shu paytgacha bor yo‘g‘i 1400 dona kitob bo‘lgan. Bir kunlik aksiyada yana 1000dan ortiq kitob sovg‘a qilinishi bu o‘quvchilar uchun yaxshi sovg‘a bo‘ladi. Umid qilamiz mamlakatimizning boshqa hududlaridagi maktablarning sobiq bitiruvchilari ham uychilik kitobsevarlardan albatta o‘rnak olishadi.