Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Soxta domla topib, pulini olmoqchi bo‘lgan firibgarlarning nayrangi fosh bo‘ldi

Karim qirqdan oshgan, muqaddam sudlangan. Ammo, u tuzalmadi, biror bir foydali mehnat bilan shug‘ullanmasdan odamlarni aldab, noqonuniy yo‘llar bilan pul topishni rejalashtirdi, deb yozmoqda “Adolat sari” gazetasi.

Bir kuni u Odil ismli kishi bilan tanishib qoldi. Oradan uch-to‘rt oy o‘tdi. Bu vaqt ular o‘zaro suhbatlashib, ancha yaqinlashib qolgandi. Shunday suhbatlarning birida Odil jiyani tibbiyot institutining pediatriya fakultetiga hujjat topshirgani haqida gap ochdi.

- Medinstitutda meni tanishim bor. Dekan bo‘lib ishlaydi. Xohlasangiz jiyaningizni o‘qishga kirishida yordam qiladi. Men gaplashib beraman, - dedi.

- Mayli, bir urinib ko‘raylikchi, - dedi Odil.

- Siz 17-20 ming dollar tayyorlab turavering. Qolganini domlaning o‘zi bilan gaplashasiz, - dedi.

Karim aslida tibbiyot institutida umuman bo‘lmagan tanishi haqida Odilni ishontirdi. Endi qanday qilib bo‘lmasin domla topish kerak. Oliygohlarga kirish imtihonlariga oz muddat qoldi. U o‘ylab-o‘ylab qarindoshi Bobomurodga yorildi. Bobomurod: “qo‘ying aka, birovning nasibasi sizga yuqmaydi. Qachondir bir joyimizdan teshib chiqishi tayin”, demadi. Aksincha, amakisining jinoiy rejasini ma’qulladi. Bobomurod ham muqaddam sudning qora kursisiga o‘tirganlardan. Bosh qo‘shayotgan ishi yana shu kursi tomon eltishi mumkinligini bilsada voz kechmadi. Rejaning amalga oshishini astoydil istab, natijada mo‘may daromadli bo‘lib qolishni o‘yladi. Ikkovlon bu ishni eplolmasligini bilib, mahalladoshi Bahriddinni ham rejaga kiritdi.

Bahriddinning bu kimsalardan farqli tomoni muqaddam jinoiy javobgarlikka tortilmagan, ayni paytda viloyat hokimligida muqaddam sudlanganlarni ijtimoiy muhitga moslashtirish Markazi bosh mutaxassisi edi. Lekin, ter to‘kmasdan mo‘may daromad egasi bo‘lish kimga yoqmaydi deysiz. Nafs hammada bor. Uni boshqarish esa o‘z qo‘limizda. Bahriddin ham pul haqida eshitgach, rad etmadi.

Yigitlar mahalladoshi Fozil akani qalbaki “domla” qilishga qaror qildi.

Oradan ikki-uch kun o‘tib, Odil bilan Karim uchrashishdi.

- Istitutda ishlaydigan Mirza domlaga aytdim, jiyaningizga yordam qiladigan bo‘ldi. Xizmat haqi 14.000 AQSh dollari bo‘ladi deyapti, - dedi.

- Mayli xizmat haqini beraman, lekin avval o‘sha domla bilan uchrashtiring meni. Yuzma-yuz gaplashaylik, - dedi Odil.

Birovning cho‘ntagidagi moddiylikni o‘ziniki qilishga “bel bog‘lagan” Karim tez orada domla bilan ko‘rishtirishini aytdi.

Buyog‘i qiziq bo‘ldi. Bobomurod Fozil akanikiga bordi. “Anchadan beri uyda o‘tiribsiz. Yuring sizni bir shaharga aylantirib kelaman. Karim aka haq beryapti”, deb qo‘ymay kiyintirib olib chiqdi. Shaharda ular bir kafega to‘planishdi. Karim Odilga qo‘ng‘iroq qilib, domla bilan ko‘rishadigan manzilni aytdi.

- Hozir bir kishi keladi. Unga sizni domla deb tanishtiraman. Vaqtinchalik tibbiyot instituti dekani rolini ijro etib bering. Xafa qilmaymiz, - dedi Karim.

Fozil “yo‘q, meni bunday ishlarga aralashtirmanglar”, demadi. Karimning aytganlariga rozi bo‘ldi. Ismi “Mirza” ekanligini va Odilga aytishi kerak bo‘lgan gaplarni “qulog‘iga quyib oldi”.        

Ko‘p o‘tmay Odil kirib keldi. Karim ularni tanishtirib qo‘ydi.

- Aytilgan pulni tezroq olib kelish kerak. Bo‘lmasa kech bo‘ladi, keyin yugurgan bilan foydasiz, - dedi “Mirza domla”.

Fozilning telefoni bo‘lmagani uchun Bahriddinning telefon raqamini “Mirza domla”niki deb Odilga bergandi. Keyingi kun Odil qo‘ng‘iroq qilganda Fozil aka gaplashdi. Keyingisida Fozil mast bo‘lib qolgani uchun Bahriddin “domla” rolini o‘ynab, Karim o‘rgatgan gaplarni takrorladi. Odam bolasi manfaat ko‘rish uchun nimalar qilmaydi, deysiz. Bu kimsalar hech qachon domla bo‘lib ko‘rmagandir, ammo domla rolini qoyil qildi.

Odil ham 14.000 dollarni osongina berib qo‘yadigan anoyilardan emasdi. U barcha telefondagi so‘zlashuvlarni yozib olgandi. Shularni olib tegishli idoraga bordi. Organ xodimlari tezkor tadbir uyushtirishdi. Karim shahardagi Tohiriy restorani oldida Odildan 14.000 AQSh dollarini olgan paytda ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.

Sud hukmi bilan Karim eng kam oylik ish haqining 100 baravari, ya’ni 18.430.000 so‘m jarima jazosi hamda 7 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.

Fozil esa 9.215.000 so‘m jarimaga tortilib, 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi. Bobomurod va Bahriddinga 12.901.000 so‘mdan jarima hamda  5 yil 6 oy  muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazolari tayinlandi.   

Zafar HAMDAMOV,

viloyat prokuraturasi uyushgan jinoyatchilik va

korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘limi AMIB tergovchisi.