Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Sud huquq sohasidagi konstitutsiyaviy islohotlarning yangi bosqichi

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa dahlsiz huquqlari eng oliy qadriyat ekanligi e’tirof etilgan. Bu huquqlarni ta’minlashda sudlar muhim o‘rin egallaydi.

Mamlakatimizda sudlovning odilligini ta’minlovchi huquqiy maydon, ya’ni umuminsoniy qadriyatlar va umum e’tirof etilgan huquq andozalariga asoslangan, shaklan va mohiyatan yangi-yangi qonunlar yaratilgan. Ularning asosiga qonuniylik, demokratizm, oshkoralik, odillik, insonparvarlik, jinoiy qilmish uchun javobgarlikning muqarrarligi tamoyillari qo‘yildi.

Biroq, normativ huquqiy baza qanchalik yangilanishi, takomillashtirilishiga qaramay professional sudyalar korpusining shakllantirilmaganligi, tizimga turli yo‘llar bilan, tanish-bilishchilik, korrupsiya va pora berish orqali suqilib kirish, turli mansabdor shaxslarning sudlar faoliyatiga bevosita aralashuvi kabi salbiy holatlar mavjud bo‘lganligi bois, sud tom ma’nodagi mustaqil va adolatli sud hokimiyati darajasiga ko‘tarila olmadi. Yildan-yilga fuqarolarning sud hokimiyatiga bo‘lgan ishonchi susayib bordi. Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan qabul qilingan hukmlarning aksariyat qismi yuqoridan berilgan ko‘rsatmaga, dastlabki tergovning noxolis materiallariga, sohtalashtirilgan dalillariga asoslandi. Fuqarolik yoki iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlar tomonidan qabul qilingan qarorlar haqida ham, hech ikkilanmasdan shu fikrni bildirish mumkin.

Aslida, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan sud-huquq islohotlarining asosiy maqsadi mustaqil, kuchli sud hokimiyatini vujudga keltirishdan iborat. Zero, sud hokimiyati nafaqat uch hokimiyatning biri, balki uning yuksak nufuzli huquqiy holati, jamiyat va davlat hayotida inson huquqlari, demokratiya va qonuniylik barqaror bo‘lishining asosiy shartidir.

Sud hokimiyatining vazifasi – fuqarolarning huquq va erkinliklarini, uning qonuniy manfaatlarini hamda mamlakat konstitutsiyaviy tuzumini himoya qilish, qonun chiqaruvchi va ijroiya hokimiyati hujjatlarining Konstitutsiyaga muvofiqligini ta’minlash, qonunlarni va boshqa normativ hujjatlarni ijro qilish va qo‘llashda qonuniylik hamda adolatni ta’minlashdan iborat bo‘lishi lozim.

O‘zbekistonda mustaqil, adolatli sud hokimiyatini qaror toptirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi bo‘lib, u mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning doimiy diqqat markazidagi, asosiy masalalardan biriga aylandi. Odil sudlovni joriy etish, mustaqil sud hokimiyatini shakllantirish, sud-huquq sohasidagi islohotlarni amalga oshirish mavzusi Prezidentimiz nutqlarida takror-takror ta’kidlab kelindi. Ushbu fikrni asoslashda quyidagilarga murojaat etish o‘rinli, deb hisoblaymiz.

Birinchidan, “Xalqimiz azaldan yuksak qadrlab keladigan, hamma narsadan ustun qo‘yadigan adolat tuyg‘usini hayotimizda yanada keng qaror toptirishni biz birinchi darajali vazifamiz, deb hisoblaymiz. Bu borada buyuk sohibqiron Amir Temur bobomizning: “Adolat har bir ishda hamrohimiz va dasturimiz bo‘lsin!” degan chuqur ma’noli so‘zlari har birimiz uchun hayotiy e’tiqodga aylanishi zarur. Bu masala, eng avvalo, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, butun sud tizimi, prokuratura, ichki ishlar, nazorat organlari rahbarlari va xodimlarining bevosita vazifasidir. Jamiyatimizda korrupsiya, turli jinoyatlarni sodir etish va boshqa huquqbuzarlik holatlariga qarshi kurashish, ularga yo‘l qo‘ymaslik, jinoyatga jazo, albatta, muqarrar ekani to‘g‘risidagi qonun talablarini amalda ta’minlash bo‘yicha qat’iy choralar ko‘rishimiz zarur”. (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis palatalarining qo‘shma majlisidagi nutq. “Xalq so‘zi”, 2016 yil 15 dekabr).

Ikkinchidan, “Konstitutsiyamizda oliy qadriyat sifatida belgilab qo‘yilgan inson huquqlarini ta’minlash masalasi bundan buyon ham e’tiborimiz markazida bo‘ladi. Buning uchun sud hokimiyatining chinakam mustaqilligiga erishish naqadar muhim ahamiyatga ega ekanini, albatta, barchamiz yaxshi tushunamiz. Xususan, sudyalarning vakolat muddatini uzaytirish, sud ishlarida adolatli qarorlar qabul qilishga qodir bo‘lgan, yuksak malakali sud xodimlari korpusini shakllantirishimiz lozim. Sud hokimiyatining mustaqilligi to‘g‘risidagi konstitutsiyaviy normalarga va odil sudlovni amalga oshirish faoliyatiga aralashganlik uchun javobgarlik muqarrarligini ta’minlash oldimizga qo‘ygan maqsadlarga erishishning muhim kafolatidir. Sudlarda ishlarni ko‘rish sifatini oshirish, ayniqsa, fuqarolik ishlarida ovora bo‘lib yurishlarning oldini olish, aynan bir instansiya sudida ishni bir necha marotaba ko‘rib, turli qarorlar qabul qilish amaliyotiga chek qo‘yish vaqti keldi”. (O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 24 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruza. “Xalq so‘zi”, 2016 yil 7 dekabr).

Uchinchidan, “Inson qadr-qimmatini e’zozlash, buning uchun har qanday holatda ham adolatni qaror toptirishga qodir bo‘lgan odil sudlov tizimini shakllantirish biz uchun eng ustuvor vazifaga aylandi. Buyuk sohibqiron Amir Temur bobomiz Oqsaroy peshtoqiga “Adolat – davlatning asosi va hukmdorlar shioridir”, degan hikmatli so‘zlarni yozdirgani bejiz emas, albatta. Ushbu ulug‘vor g‘oya inson qadr-qimmatini oliy darajaga ko‘tarish borasidagi amaliy harakatlarimiz poydevoriga aylandi.

...Fursatdan foydalanib, yana bir bor takrorlayman: sudyaning ongida – adolat, tilida – haqiqat, dilida – poklik hukmron bo‘lishi kerak. Ayni paytda sud-huquq islohotlari jarayonida sudyalikka nomzodlarni tanlash, shaxsiy va kasbiy sifatlarini o‘rganishning chinakam demokratik va oshkora tizimini joriy etish lozim. Xususan, jamoatchilik fikrini inobatga olgan holda, nomzodlarni sudyalik lavozimiga tavsiya etish tartibini qonun bilan mustahkamlab qo‘yishni maqsadga muvofiq, deb hisoblayman...

Afsuski, ayrim sudyalar tomonidan hali ham adolatsiz qarorlar qabul qilinmoqda. Bu esa, fuqarolarning odil sudlovga bo‘lgan ishonchiga putur yetkazmoqda. Shu boisdan ham, kasbiy mahorat va madaniyatni oshirish, har qanday holatda ham qonun, adolat va insonparvarlik tamoyillariga asoslanib ish ko‘rish – har bir sudyaning eng ustuvor vazifasi bo‘lmog‘i lozim. Sudlar tomonidan qabul qilingan har bir qaror, eng avvalo, adolatli, qonuniy va asosli bo‘lishi shart. Shundagina odamlarimizda har qanday holatda ham adolat qaror topishiga bo‘lgan ishonch yanada mustahkamlanadi”. (O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 26 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruza. “Xalq so‘zi”, 2018 yil 7 dekabr).

To‘rtinchidan, Konstitutsiyaga asosan sudlar o‘z faoliyatida mustaqil, lekin ularning chinakam nazoratchisi xalq bo‘lishi kerak... Sudlarning chinakam mustaqilligini ta’minlash biz uchun eng ustuvor vazifadir. Ayniqsa, sud biron-bir mansabdor shaxsning qo‘li yetadigan idoraga aylanib qolishiga mutlaqo yo‘l qo‘ymaslik shart. Shu sababli sud ishlariga aralashgani yoki sudga bosim o‘tkazgani uchun javobgarlikni kuchaytirish lozim”. (O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 27 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruza. “Xalq so‘zi”, 2019 yil 8 dekabr).

Beshinchidan, “Sudyalarimizning adolatni va qonun ustuvorligini ta’minlash borasida oqlov hukmlarini chiqarayotgani, hech shubhasiz, sud-huquq sohasidagi eng katta yutug‘imizdir... Endi sud orqali insonlarning huquqi tiklanganini e’tirof etish bilan cheklanib qolmasdan, nima sababdan sudgacha bo‘lgan tergov jarayonida inson huquq va erkinliklari buzilgan, degan savolni ham ko‘ndalang qo‘yadigan, tazyiqlar uchun javob beradigan vaqt keldi...

Davlat idoralari mansabdorlari shuni chuqur anglab olsinlar: sudlar mustaqilligini ta’minlash masalasi bundan buyon ham shaxsan Prezidentning qattiq nazoratida bo‘ladi. Sud ostonasiga qadam qo‘ygan har bir inson, O‘zbekistonda adolat hukm surayotganiga to‘la ishonch hosil qilishi kerak. Aks holda, buyuk nemis faylasufi Immanuil Kant aytganidek, “Adolat yo‘qolgan paytda, hayotning qadrini belgilaydigan boshqa hech narsa qolmaydi”. Bu haqiqatni hech qachon unutmasligimiz kerak. O‘zbekistonda sudyalar qonunlarning tolmas himoyachilari, adolatning mustahkam ustunlari bo‘lishi lozim”. (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga murojaatnomasi. “Xalq so‘zi”, 2020 yil 24 yanvar).

O‘tgan qariyb to‘rt yil davomida davlatimiz, jamiyatimiz va xalqimiz uchun o‘ta muhim bo‘lgan sud-huquq tizimini mustahkamlash, chinakam mustaqil va xolis, korrupsiyadan xoli bo‘lgan sudyalar korpusini shakllantirish, ularning konstitutsiya va qonunlar talablariga og‘ishmay amal qilishlarini va jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlashlari uchun kafolatli muhit yaratish, sud faoliyatiga turli darajadagi mansabdor shaxslarning har qanday aralashuviga chek qo‘yishga qaratilgan ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy asoslar yaratildi. Bu borada, o‘ttizga yaqin qonun, farmon va qarorlar qabul qilindi.

Sud – odil sudlovning oliy nuqtasi va uning rolini oshirish huquqiy davlat barpo etish yo‘lidagi qonuniy jarayon. Sud-huquq tizimini isloh qilish bo‘yicha amalga oshirilgan ijobiy ishlarni qayd etar ekanmiz, bu sohada hali yechimini kutib turgan muammolar borligini ham inkor eta olmaymiz. Bu muammolar, birinchi galda, sudlarning haqiqiy mustaqilligi va erkinligini ta’minlash, sud ishlarida adolatli qarorlar qabul qilishga qodir bo‘lgan, yuksak malakali, xalol va pok vijdonli sud xodimlari korpusini shakllantirish, sudlarda ishlarni ko‘rish sifatini yanada oshirish bilan bog‘liqdir.

2020 yil 24 iyulda qabul qilingan “Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident farmoni bu borada amalga oshirilayotgan tizimli islohotlarning sifat jihatidan yangi bosqichini boshlab berganligi bilan ahamiyatlidir.

Farmonda odil sudlovni amalga oshirishdagi muammolar, odil sudlovni ta’minlashning institutitsional asoslari, sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta’minlash bilan bog‘liq ustuvor yo‘nalishlar ko‘rsatib berildi. Ular quyidagilardan iborat:

Birinchidan, xolis, adolatli va qonuniy sud qarorlarini qabul qilish uchun taraflarning tengligi va tortishuvchanligini amalda ta’minlash mexanizmlarini kengaytirish maqsadida sud tizimidagi tashkiliy-tuzilmaviy o‘zgarishlar amalga oshiriladi.

Ikkinchidan, viloyat va unga tenglashtirilgan fuqarolik ishlari bo‘yicha, jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar va iqtisodiy sudlar negizida sudyalarning qat’iy ixtisoslashuvini saqlab qolgan va sud ishlarini yuritish turlari bo‘yicha alohida sudlov hay’atlarini tashkil etgan holda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar umumyurisdiksiya sudlari tashkil etiladi. Bundan keyin viloyatlar va unga tenglashtirilgan sudlarga bir nafar sud raisi rahbarlik qiladi. Sud raisi o‘z o‘rinbosarlariga ega bo‘lib, bir vaqtning o‘zida o‘rinbosarlar fuqarolik ishlari, jinoyat ishlari va iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’atining raisi ham hisoblanadi. Bu esa, joylarda yagona sud amaliyotini shakllantirishga, sudlarning tarqoqligi tufayli fuqarolar va tadbirkorlar sarson bo‘lishining oldini olishga xizmat qiladi.

Uchinchidan, sud ishlarini nazorat tartibida ko‘rish instituti tugatiladi. Natijada, sud ishlarining qayta-qayta bir nechta instansiyalarda nazorat tartibida ko‘rilishi, fuqarolarning ovora bo‘lishiga, sudlarda ish hajmining asossiz va maqsadsiz ortishiga barham beriladi. Qolaversa korrupsiya bilan bog‘liq holatlarning vujudga kelishiga chek qo‘yiladi.

To‘rtinchidan, prokurorning sudda ishtirok etishi tartibi ilg‘or xorijiy tajriba va xalqaro standartlarga moslashtiriladi. Jumladan, davlat ayblovchisi ayblovdan voz kechgan taqdirda reabilitatsiya asoslariga ko‘ra jinoyat ishini tugatish, taraflar murojaati mavjud bo‘lgan holdagina prokuror tomonidan suddan ishlarni chaqirib olish, boshqa shaxslarning tashabbusi bilan qo‘zg‘atilgan fuqarolik va iqtisodiy ishlarning ko‘rilishida prokuror o‘z tashabbusi bilan ishtirok etishini istisno etishning huquqiy mexanizmlari yaratiladi. Bunday qoidalarning kiritilishi albatta sudning mustaqilligini, taraflarning sudda tortishuvchanlik va tengligi tamoyilini amalda ta’minlashga xizmat qiladi.

Beshinchidan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tuzilmasida Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik boshqarmasi, viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar tuzilmasida esa matbuot xizmatlari tashkil etiladi. Bu esa, sud organlari faoliyatining shaffofligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Bunday ijobiy misollarni o‘nlab keltirish mumkin.

Keyingi yillarda amalga oshirilayotgan shu kabi insonparvar islohotlar natijasida odamlarning sud tizimiga bo‘lgan ishonchi ortib bormoqda. Buni, sudlarga murojaatlarning ko‘payib borayotganida hamda sudlar tomonidan qabul qilinayotgan oqlov xukmlari, fuqarolar, tadbirkorlar foydasiga qabul qilingan sud qarorlari sonining ortib borayotganida ham ko‘rish mumkin. Natijada, xalq sudni faqat odamlarni qoralaydigan, jazolaydigan organ, deb emas, aksincha, ularning haq-huquqlari va manfaatlarini himoya qiladigan organ, o‘zlarining himoyachisi, adolat posboni, deb qaray boshladi. Bunday ishonchni yanada mustahkamlash uchun sudlar qonundan og‘ishmay ish tutishlari, fuqarolarning manfaatlarini muhofaza etib, ularning buzilgan huquqlarini tiklab, bu yo‘ldan sobitqadamlik bilan qat’iy borishlari va shu asosda xalqning ishonchini qozonishlari zarur bo‘ladi.

Xulosa qilib aytganda, sud organlari faoliyatining huquqiy asosini muttasil takomillashtirib borish zarur. Bunda, sud va sudyalarning hokimiyatni boshqa barcha tarmoqlaridan haqiqiy mustaqilligini, sud qarorlarini qabul qilishda faqat qonunga va vijdon amriga bo‘ysunishini ta’minlash lozim. Ushbu huquqiy asos, o‘z navbatida, demokratizmni, xolislikni, sudning hammabop bo‘lishini, sudning himoya doirasi kengayishini ta’minlashi zarur. Va nihoyat, bu huquqiy asos sud tizimiga nopok, poraxo‘r va tasodifiy kimsalar kirib qolishiga yo‘l qo‘ymasligi lozim.

Xudoyor MAMATOV,

yuridik fanlar doktori, professor.