Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Tajribali jurnalist G‘ayrat Shukurov vafot etdi

Hamkasbimiz, yetuk jurnalist, tajribali matbuot xodimi G‘ayrat Shukurov 23 fevral kuni 84 yoshida vafot etdi.

G‘.Shukurov 1937 yilda Kattaqo‘rg‘on shahrida tavallud topdi.

Shahardagi o‘rta maktabda tahsil olib, 1956-1961 yillarda Samarqand davlat universitetining filologiya fakultetida o‘qidi.

Mehnat faoliyatini “Zarafshon” (hozirgi “Kattaqo‘rg‘on tongi”) gazetasida musahhihlikdan boshladi. Keyinchalik muxbir, bo‘lim mudiri bo‘ldi.

1994 yilda Kattaqo‘rg‘on shahar hokimligining “Kattaqo‘rg‘on tongi” gazetasi tashkil etilishida jonbozlik ko‘rsatdi va o‘zi ushbu tahririyatni 15 yil boshqardi, ko‘plab yosh muxbirlarga ustozlik qildi.

G‘.Shukurov Kattaqo‘rg‘on shahri, shuningdek, bu yerda yashab, ijod qilgan yozuvchi va shoirlar tarixi sinchiklab o‘rgangan ijodkor edi, shu kabi mavzularda bir necha publitsistik kitoblari chop etilgan.

Zamondosh va hamfikr hamkasblari hamda shogirdlari nomidan marhumning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik izhor qilamiz.

Tajribali qalamkash, o‘z kasbiga sodiq, kamtarin inson G‘ayrat Shukurov xotirasi qalbimizda abadiy yashaydi.

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Samarqand viloyati bo‘limi,

«Zarafshon» va "Samarkandskiy vestnik" gazetalari tahririyati jamoasi.