Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Taksi, yo‘lovchi, haydovchi. Ularning qay biri qadrli?

Bu galgi xizmat safarimiz viloyatning olis tumani – Paxtachiga bo‘ldi. Paxtachiga boruvchilar yaxshi bilsa kerak, bu hududga avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yilmagan. Buning sababini ham yaxshi tushunamiz, Samarqand shahridan 145 kilometr uzoqlikdagi tuman ahli uchun shahar markazi bilan bog‘liq turli masalalar yuzasidan ulardan 16 kilometr uzoqlikda bo‘lgan Navoiy shahriga borish qulayroq. Ammo Samarqand shahriga kelishga ham ehtiyoj bor, albatta.

Xullas, yo‘lga chiqdik. Avval Samarqand shahridagi O‘zbekiston madaniyati tarixi muzeyi yonidagi maydonchada to‘planadigan, Narpay, Kattaqo‘rg‘onga qatnovchi avtoulov egalaridan biri bilan narx-navoni surishtirdik. «Narpayning Mirbozorigacha 50 ming so‘m bilan boraman, mayli, sizlar uchun 45 ming bo‘la qolsin», dedi haydovchi. Naq kapalagimiz uchib ketdi. Tortishdik, haydovchini insofga chaqirdik, foydasi yo‘q. Haydovchilar yo‘lovchining boshqa iloji yo‘qligini juda yaxshi biladi shekilli, aytgan narxidan tushmadi. Xullas, u aytgan narxga ko‘nib, ulovga o‘tirdik. Shunda karantin qoidalariga qat’iy amal qilayotgan (qat’iy bo‘lmasa-da, ammo jarimadan qo‘rqib, ko‘pchilik taksi haydovchilari qoidalarni hurmat qilmoqda) shahar ichida qatnovchi taksi haydovchilari bilan ularni solishtira boshladim. Tabiiyki, ular barcha tumanlarga qatnovchi yo‘nalishli taksilar singari bir tashkilotda birlashmagan, tavakkal qilib yo‘lga chiqqan taksi haydovchilaridir. Shuning uchun bo‘lsa kerak, shahar ichida harakatlanadigan taksilardan farqli o‘laroq avtomobil salonini to‘ldirib odam oldi. O‘rtada maxsus plyonka yo‘q, taksiga mingan yo‘lovchilardan tortib, haydovchilar ham niqobini iyagiga tushirib qo‘ygan.

- Sizlar narxdan norozi bo‘lasizlar, meniyam tushuninglar-da, axir. Kaytishda deyarli odam bo‘lmaydi. 20 ming so‘m bilan ham olib qaytaveraman, - dedi haydovchi. – Ishonmasangiz, kelinglar, aytgan gapim gap, qaytishda bir baravar arzon.

- Demak, qaytayotganlar uchun ham borayotganlar pul to‘lar ekanda-a…

- Boshqa iloj yo‘q, singlim.

Xullas, shu taxlit Narpayning Mirbozoriga qadar yetib bordik. Narpay qizil hudud bo‘lgani uchun ko‘chada odam ancha kam. Ammo yo‘l bo‘yidagi rastalarda nonlar ochiq-sochiq, karantin qoidalariga zid tarzda  sotilayotir.

Shu yerdan yengil mashinada Paxtachi tumaniga qarab yo‘l oldik. «10 ming so‘mdan berasizlar», dedi haydovchi. O‘zimizni Samarqanddagi tumanlardan biriga emas, boshqa viloyatga borganday his qildik. Paxtachiga borayotganda ham salon odamga to‘la, hartugul yo‘lovchilar niqobni iyagiga ildirib olmagan, qoidaga ko‘ra taqqan. «Bizda juda qattiq olyapti, niqobsiz yurgan odam borki, jarimaga tortilyapti, shuning uchun qoidaga amal qiladi hamma», dedi yo‘lovchi onaxonlardan biri.

Paxtachi tumani biz xizmat safari bilan borgan payti yashil  hudud edi. Onaxonning gapi rost shekilli, ko‘chada niqobsiz yoki nomiga og‘izto‘sar ilib olgan odamni deyarli uchratmadik.  Ko‘chalarda velosipedda harakatlanuvchi odamlar ko‘pligiga guvoh bo‘ldik. Hatto onalar ham bolalari bilan velosipedda harakatlanayotgani e’tiborimizni tortdi. Bu karantin paytida yo‘lkira narxlari oshgani bilan bog‘liqmikan yoki paxtachiliklar sog‘lom turmush tarzi tarafdorimi buyog‘i bizga qorong‘u. Ammo nima bo‘lganda ham velosipedning ommalashayotganidan xursand bo‘ldik.

Qaytish rostdan ham sal arzonroqqa tushdi. Haydovchini qirq ming so‘m bilan Samarqand shahrigacha bizni yetkazib qo‘yishga zo‘rg‘a ko‘ndirdik.

Xullas, jamoat transporti yo‘lga qo‘yilmagan Paxtachi tumani ahli Samarqand shahriga kelish uchun nechog‘lik qiynalishini o‘zimiz his etdik. Ehtimol, Paxtachiga borish uchun bir paytlardagi singari temiryo‘l transportidan foydalanish mumkindir. Bu haqda mutasaddilar nima deydi, bilmadimu, ammo alohida temiryo‘l o‘tkazish ham shart bo‘lmagan Narpay, Paxtachi tumanlariga to‘g‘ridan to‘g‘ri bo‘lmasa-da, ammo viloyatlararo qatnovchi poyezdlar uchun shu tumanlarda ham bekatlar tashkil qilish haqida o‘ylab ko‘rish kerak, nazarimda. Narxi osmonda bo‘lgan «Afrosiyob» poyezdini nazarda tutganimiz yo‘q, albatta. Hamyonbop, ammo aniq vaqtda qatnaydigan poyezd yo‘nalishlari haqida gap ketmoqda.

Gulruh Mo‘minova.