Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Tangem tez orada O‘zbekistonga kelishini ma’lum qildi

O‘zbekiston Respublikasining Janubiy Koreyadagi turizm elchisi, mashhur “Saroy javohiri” serialidagi Tangem roli orqali tanilgan aktrisa Li Yon E o‘zbek xalqiga videomurojaat yo‘lladi.

Bosh vazir o‘rinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimovning ma’lum qilishicha, aktrisa Li Yon E mamlakatimizda koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish va “Sardoba” suv omborida yuz bergan texnogen falokat tufayli sodir bo‘lgan ko‘ngilsizliklarni yengib o‘tishga doir sa’y-harakatlarda xalqimiz bilan birga ekanligini bildirgan, deb yozmoqda O‘zA.

Shuningdek, videomurojaatda Janubiy koreyalik aktrisa o‘zbek xalqi bilan uchrashish istagi borligini ta’kidlaydi.

- Qadrli, O‘zbekiston ahli! Sizlarga hech qachon umidni yo‘qotmaslik va mavjud qiyinchiliklarni yengib o‘tishga kuch-quvvat tilayman! Tez kunlarda “O‘zbekiston” televideniyesida namoyish etiluvchi “Saimdan” seriali ham hayotda har qanday qiyinchiliklar bo‘lishiga qaramay, umid va shijoatni yo‘qotmaslikka chorlaydi.

Umid qilamanki, bu ishonch siz aziz o‘zbekistonliklarga ham yaqin bo‘ladi. Chin qalbimdan, imkon qadar tezroq O‘zbekistonga borib, sizlar bilan uchrashishni intiqib kutyapman, - dedi aktrisa samimiyat bilan videomurojaatda.