Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Tanqidiy maqolada ko‘tarilgan masalalar transport boshqarmasi mutasaddilari tomonidan muhokama qilindi

Aholi tomonidan karantindan so‘ng o‘z faoliyatini qayta boshlagan jamoat transportiga nisbatan yana tanqidlar ko‘paya boshladi. Kimdir avtobuslarning yuqumli kasalliklarga qarshi dezinfeksiyalashdan norozi bo‘lsa, yana kimdir avtobusdagi yo‘lovchilarning soni ko‘p ekanligini ta’kidlashmoqda. Shuningdek, yo‘lovchilardan qaytim bermayotganligi, “Tezcard”dan foydalana olmayotganligi kabi o‘nlab muammolar haqida ham bong urilmoqda.

“Samarkandskiy vestnik” gazetasining 2020 yil 17 iyundagi 40-sonidagi “Spasibo za avtobusi, no budte dobri...”, nomli tanqidiy maqolasida avtobuslarning dezinfeksiya qilinmayotganligi, validatorlarning ishlamayotganligi haqida fikr yuritilgan bo‘lsa, “Zarafshon” gazetasining 2020 yil 23 iyundagi 68-sonida hamda “Zarnews.uz” telegram kanalida “Nega avtobuslarda Tezcard” ishlamayapti?” sarlavhali maqolada bir nechta yo‘nalishlardagi avtobuslarda yurib, so‘rab-surishtirilgan va guvohi bo‘lgan hodisalar haqida so‘z yuritilib, mulohaza qilingan.

Jamoat transporti hamda uning atrofida yuzaga kelayotgan muammolar va ularning yechimini topish maqsadida hamda OAVda chop etilgan maqolalarda ko‘rsatilgan kamchiliklarni o‘rganib chiqib, ularni bartaraf qilish yuzasidan viloyat transport boshqarmasida soha mutasaddilari va avtokorxonalar rahbarlari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi.

Unda jamoat transporti bilan bog‘liq muammolar muhokama qilinib, Respublika maxsus komissiyasi talablari bilan bir qatorda yo‘lovchilarning avtobuslar salonida imkon qadar ijtimoiy masofani saqlashi, tirbandlikka yo‘l qo‘ymaslik, sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya qilish lozimligi ta’kidlandi. Bu holatlar takrorlanmasligi uchun avtotransport sohasida faoliyat olib borayotgan har bir ishchi-xodim belgilangan talablarga so‘zsiz rioya qilishi zarurligi aytib o‘tildi. Avtokorxona rahbariga avtobuslarning dezinfeksiyalash ishlariga mas’ulligi uqtirildi.

Shu bilan birgalikda haydovchi va konduktorlar yo‘lovchilardan ortiqcha yo‘l haqi olib qolish, “Tezcard” to‘lov kartalari uchun mo‘ljallangan validatorlarning ishlamasligi, avtobuslarning texnik talablarga mos kelmasligi, haydovchilarning kiyinish madaniyatiga rioya etmaslik hollari aniqlansa, belgilangan tartibda jazo choralari qo‘llanishi haqida ogohlantirildi.

Samarqand viloyati transport boshqarmasi axborot xizmati.