Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Tanzila Norboyeva odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro anjumanda ishtirok etdi

Bugun, 20 iyul kuni YeXHT Odam savdosiga qarshi kurash bo‘yicha maxsus vakil va muvofiqlashtiruvchi idorasi tomonidan “Jazosizlikning oldini olish: Odam savdosiga qarshi samarali sud jarayoni orqali adolatni tiklash” mavzusida videokonferensaloqa tarzida 20-xalqaro anjuman o‘z ishini boshladi.

Unda YeXHTga a’zo bo‘lgan 57 ta davlat va ushbu tashkilotning odam savdosiga qarshi kurashish Alyansining 11 ta hamkorlari, xalqaro nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolik jamiyati institutlari, xalqaro ommaviy axborot vositalari, biznes hamda ilmiy doira vakillari ishtirok etmoqda.

Mazkur xalqaro anjumanda O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibida Senat Raisi, Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi raisi T.Norboyeva, qolaversa, Oliy sud, Bosh prokuratura, Tashqi ishlar vazirligi vakillari qatnashmoqda.

Konferensiyada odam savdosiga qarshi kurashish borasidagi ilg‘or tajribasini inobatga olgan holda YeXHT tomonidan O‘zbekiston asosiy ma’ruzachi sifatida tanlandi. Oliy Majlis Senati Raisi, Milliy komissiya raisi T.Norboyeva mamlakatimizda bu borada amalga oshirilayotgan ishlar, jumladan, milliy qonunchilikni takomillashtirish, odam savdosidan jabrlangan shaxslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ushbu turdagi jinoyat uchun jazo muqarrarligini ta’minlash borasidagi ishlar yuzasidan batafsil axborot berdi.

Xususan, so‘nggi yillarda bu sohada 15 ta me’yoriy-huquqiy hujjat qabul qilingani, Prezident Farmoni bilan Senat Raisi rahbarligidagi Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi tashkil qilinib, ushbu masala bo‘yicha “Milliy ma’ruzachi” instituti joriy etilgani ta’kidlandi.

Bundan tashqari, Milliy komissiya tomonidan xalqaro tashkilotlarning tavsiyalari asosida mamlakatimizda odam savdosi hamda majburiy mehnatga qarshi kurashish sohasida olib borilayotgan ishlar va ularning natijalari to‘g‘risida so‘z yuritildi. 

Har bir mamlakat odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatlarga qarshi kurashda sud idoralari qonun ustuvorligi, ijtimoiy adolatni o‘rnatishi, jinoyatlarni sudlarda ko‘rishda jazo muqarrarligi prinsipiga qat’iy amal qilinishi lozimligi qayd etildi. Shu bilan birga, odam savdosi jabrlanuvchilarini identifikatsiya qilish tartibini joriy etish va xalqaro sheriklar bilan ularning izchilligi va samaradorligini ta’minlash zarurligiga urg‘u berildi.

Konferensiyada olib borilayotgan chora-tadbirlar natijasida mazkur yo‘nalishga oid jinoyatchilik ko‘rsatkichlari kamayib borayotgani, bu jarayonda fuqarolik jamiyati instituti, nodavlat notijorat tashkilotlarining o‘rniga yuqori baho berildi.

Shuningdek, odam savdosiga oid jinoyatlar bilan shug‘ullanadigan organlar xodimlarining malakasini oshirib borish, o‘zaro tajriba almashishlarni yo‘lga qo‘yish, bu borada hamkorlikni yanada kengaytirish yuzasidan taklif va tavsiyalar bildirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati axborot xizmati.