Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Tarixning jumboqli hodisalari: G‘aroyib meteorit voqeasi, Dyatlov guruhining fojiali o‘limi sabablari nimada?

Insoniyat tarixida ko‘plab sirli hodisalar sodir bo‘lganki, ularning aksariyati haligacha jumboq bo‘lib kelmoqda. Ayniqsa, Yeti, ya’ni Qor odam haqida minglab maqola va kitoblar yozilganiga qaramasdan, haligacha uning borligini fanda isbotlay olishmayapti. Minglab iztoparlar inson qadami yetmagan joylar bo‘yicha izg‘ib, nomi boru o‘zi yo‘q Yetini izlab sarson bo‘lishmoqda. Biroq hozirgacha noma’lumligicha qolayotgan sirli voqea-hodisalar juda ko‘p.

Tungus meteoriti siri

1908 yil 30 iyun kuni erta tongda Markaziy Sibir tepasidan olovli shar uchib o‘tdi. Oradan bir necha soniya o‘tgach, sodir etilgan qattiq portlash minglab kilometr masofadagi dov-daraxtlarni yerga yotqizib tashladi. Hatto, olis qishloqlardagi uylarning derazalari sinib tushdi. Yuraklari yorilib, uylaridan qochib chiqqan qishloq aholisi quloqlarni qomatga keltirgan portlash ovozini eshitgach, oxir zamon keldi, deb o‘ylashdi. Ayniqsa, osmondagi bulutlarning kumush rangga kirganini ko‘rishgach, bunga ishonchlari komil edi.

Xo‘sh, aslida nima voqea sodir bo‘lgan edi: tabiat hodisasimi yoki o‘zga sayyoraliklarning hujumi? Rostdan ham yuz yildan buyon meteorit, deb o‘ylaganimiz boshqa narsa bo‘lib chiqsa-chi?

Insoniyat tarixida o‘z izini qoldirgan mazkur g‘aroyib hodisa 1920 yilga kelibgina olimlar tomonidan o‘rganila boshlandi. Ekspeditsiya a’zolarining o‘rganishlari natijasida na meteorit kelib tushgan krater, ya’ni chuqurlikni topishdi, na o‘zga sayyoraliklar kemasining qoldiqlarini ko‘rishdi. Bu noma’lum olovli shar inson qadami tegmagan Podkamennaya ko‘li ustida portlagan ko‘rinadi.

Italiyalik olimlarning fikricha, meteorit tushgan krater o‘rnida Cheko ko‘li paydo bo‘lgan. Chunki mazkur ko‘l XX asr boshlarida paydo bo‘lgan bo‘lib, uning tubi konussimon. Xullas, bu faqat taxmin. Ammo Tungus fenomeni haligacha o‘z izohini topgani yo‘q.

Tabiat hodisalari ishqibozlari ko‘ldan 60 kilometr uzoqlikdagi Vanavara qishlog‘iga kelib aholi bilan uchrashadi. G‘aroyib meteorit voqeasi tafsilotlari bilan tanishadi.

Dyatlov guruhining jumboqli taqdiri

Bu halokat haqida bir nechta kitoblar yozilib, kinofilmlar ishlangan bo‘lsa-da, biroq guruh a’zolarining fojiali tarzda halok bo‘lganiga nima sabab ekanligi hamon aniq emas.

1959 yilning yanvar oyida tajribali sportchi Dyatlov rahbarligidagi o‘n kishilik guruh Shimoliy Ural tog‘larini zabt etish uchun yo‘lga chiqadi. Slobodin, Kolmogorova, Krivoniщyenko, Doroshenko, Zolotorev, Dubinina, Tibo-Briol, Kolevatov va Yudin kabi tadqiqotchi talabalar yo‘l tadorigini ko‘rayotgan vaqtda to‘satdan Yudinning salomatligi yomonlashgani sababli guruhdan ajralishiga to‘g‘ri keladi. Qolgan voqealar rivojini sayohatchilarning kundaliklari asosida tiklab chiqishdi.

12 fevralda Dyatlov guruhi belgilangan marraga yetib kelishi kerak edi. Ammo ulardan darak bo‘lmadi. Bezovta bo‘lgan tashkilotchilar bir necha kun ularning kelishini kutib turishdi. Sayyohlar kelishmagach, qidiruv ishlari boshlandi. Faqatgina 25 fevralga kelib, guruh a’zolari yashagan manzil topildi. Nima uchundir ular yashagan palatkaning eshigi bo‘lsa-da, orqa tomondan qirqib ochilgan edi. Bu yerda topilgan sayyohlarning yuk qoplari, issiq kiyimlari, bolta, oziq-ovqat, yozuv daftarlari va fotoapparatlariga teginilmagan.

Keyingi kuni manzildan 1,5 kilometr uzoqlikdan guruh a’zolari Doroshenko va Krivoniщyenkoning qip-yalang‘och holdagi jonsiz tanalari topildi. Ulardan yana 300 metr yuqoridagi baland kedr daraxti yonidan guruh rahbari Dyatlovning tanasi topildi. Shu kuni kechga borib qalin qor ostidan oyoq kiyimsiz holatdagi Kolmogorovaning tanasi kovlab olindi.

Xo‘sh, sayyohlarning fojiali halokatiga nima sabab bo‘lgan? Ular qotillik qurbonimi yoki yovvoyi hayvonlarga duch kelishganmi? Balki qalin o‘rmonlarda yashirinib yurgan qaroqchilar hujum qilishdimikan? O‘sha davrda bu kabi o‘nlab savollarga javob topish juda murakkab edi.

Qor qalinligi uchun qidirish ishlari vaqtincha to‘xtatildi. Nihoyat, mart oyiga kelib, qor biroz erigach, guruh a’zosi Rustem Slobodinning tanasi topildi. U Kolmagorova topilgan joydan 150 metr narida yotardi. Ekspertlar barcha sayyohlar kedr daraxti tomondan emaklab bo‘lsa-da, manzilgoh tomonga intilishganini aniqlashdi. Biroq shu yo‘lda barchasi tasodifiy holatda halok bo‘lishgan.

Qolgan to‘rt sayyohning tanasi faqat may oyiga kelib topildi. Qidiruv ishlari yakunlanib, tergov ishlari boshlandi. Dastlabki tergov natijalari palatka tashqaridan emas, balki ichkaridan qirqib ochilganligini ko‘rsatdi. Ekspertiza xulosalari qotillik haqidagi farazlarni rad qilib, sayyohlar qattiq sovuqdan halok bo‘lganini aniqlashdi. Biroq topilgan ayrim kiyim-kechaklarda noma’lum radioaktiv nurlar izi borligiga tergovchilar e’tibor qaratishmadi.

Shu atrofda yashovchi mahalliy aholi surishtirilganida o‘sha mash’um tunda osmonda yonuvchi sharlar uchib yurganini ko‘rishganini aytishgan. Biroq mutaxassislar ularning bu sayyohlar halokatiga aloqasi borligini ham rad etishdi.

Tergov jarayonlari sayyohlarning to‘satdan palatkani tashlab chiqib ketishga majbur bo‘lishganini ko‘rsatdi. Shoshilinchda ular qalinroq kiyinishga ham ulgurishmagan, shuningdek, ular eshikdan emas, balki palatkaning orqa tomonidan teshik ochib qochib chiqishgan. Atrofda begona izlar topilmaganligi tufayli sayyohlar qandaydir bir noma’lum kuchlar tomonidan ta’qib qilingan.

Biroz vaqtdan so‘ng o‘tkazilgan takroriy ekspertizalarda ayrim guruh a’zolari tanasidan topilgan jiddiy jarohat izlari yuqori portlash kuchi sababli yetkazilganligini ko‘rsatdi. Biroq bu faraz ham hukumat komissiyasi tomonidan tan olinmadi. Xullas, 1959 yilning may oyiga kelib mazkur ishda jinoyat izlari bo‘lmaganligi sababli yopildi.

Yillar o‘tib, tergovchilarning bu jumboqli, sirli jinoyatni fosh etishda qator xatoliklarga yo‘l qo‘yilganliklari ma’lum bo‘ldi. Dyatlov sayyohlik guruhining halokati haqidagi taxminlar 60 yildan ziyod vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, hanuz olim va mutaxassislar uchun bosh og‘rig‘i hisoblanadi. Taxminlar orasida guruhning o‘zga sayyoraliklar hujumiga uchragani, hatto, Yetiga duch kelib qolishgani, haqidagi farazlar ham yo‘q emas.

Dilmurod TO‘XTAYeV tayyorladi.