Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

“Temurbeklar maktabi” bitiruvchilari uchun OTMlarga kirishda katta imtiyoz beriladi

Hukumatning ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi (973-son, 06.12.2019 y.). Bu haqda «Huquqiy axborot» kanali xabar berdi.

Qarorga muvofiq “O‘smirlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hamda O‘zbekiston Qurolli Kuchlari va davlat xizmati uchun kadrlar zaxirasini tayyorlash tizimini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilinishi munosabati bilan Hukumatning 10 dan ortiq qarorlariga o‘zgartirishlar kiritildi.

Xususan, Oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga talabalarni o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risida nizomga kiritilgan o‘zgartirishlarga asosan:

– oliy harbiy va ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishda “Temurbeklar maktabi” bitiruvchilariga test sinovlarida to‘plagan ballarining 30 foizi miqdorida, respublikaning boshqa davlat OTMlariga o‘qishga kirishda esa to‘plagan ballarining 15 foizi miqdorida qo‘shimcha ball beriladi;

– “Temurbeklar maktabi”ni imtiyozli tugatganlarga, tarkibida ushbu maktab bo‘lgan vazirlik va idoralarning tegishliligi bo‘yicha oliy harbiy yoki ixtisoslashtirilgan bilim yurtlariga test sinovlarisiz, harbiy professional tanlash natijasi bo‘yicha kirish huquqi beriladi.