Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Temurbeklar maktabining ilk bitiruvchilari diplom oldi

Bugun Samarqand shahridagi Temurbeklar maktabining birinchi bitiruvchilari bo‘lgan 289 nafar yosh yigitga tantanali ravishda diplomlar topshirildi.

Viloyat hokimligi, Markaziy harbiy okrug, Samarqand harbiy prokuraturasi vakillari, Temurbeklar maktabi jamoasi, bitiruvchilar va ularning ota-onalari ishtirok etgan tadbirda mamlakatimizda yoshlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qaratilayotgan e’tibor, yaratib berilayotgan imkoniyatlar xususida so‘z yuritilib, bugun bu maktabni bitirayotgan yoshlar Vatanini yuksak qadrlaydigan, o‘z xalqiga g‘amxo‘r, uning himoyasiga hamisha tayyor, jasur va adolatparvar shaxs bo‘lishlariga ishonch bildirildi.

- Bugun o‘g‘limning tantanali tadbirda ishtirok etib, qo‘liga diplom olish jarayonini kuzatar ekanman, qalbim hayajonga to‘ldi, - deydi bitiruvchi Azizjon Jabborovning onasi Xolida Jabborova. – O‘zim ham harbiy bo‘lganman. O‘g‘lim tug‘ilgan paytdayoq uning harbiy bo‘lishini istaganman. Bugun orzuim ushalayotganligidan xursandman. O‘ylaymanki, o‘g‘lim uchun Temurbeklar maktabida olgan bilimi, erishgan yutuqlari poydevor bo‘lib, kelgusida yurt koriga yaraydigan, Sohibqiron Amir Temurga munosib farzand bo‘ladi.

- Esimni taniganimdan sportning suzish, yugurish, karate turlari bilan shug‘ullanib kelganman, - deydi Temurbeklar maktabi bitiruvchisi Yo‘ldosh Ergashev. – Bolalikdagi orzuim harbiy bo‘lish edi. Temurbeklar maktabini bitirib qo‘limga diplom olar ekanman, bu ko‘nglimga xursandchilik bilan birga, zimmamga katta bir mas’uliyat ham yukladi. Kelgusida o‘qishni shu sohada davom ettirib, ota-onamga, Prezidentimga sodiq farzand bo‘lishga, O‘zbekiston Respublikasiga sadoqat bilan xizmat qilishga va’da beraman.

Tadbir bitiruvchilarning tantanali marshi, ular tomonidan tayyorlangan sport o‘yinlari, harbiy-jangovar chiqishlar bilan yakunlandi.

To‘lqin Siddiqov.

Baxtiyor MUSTANOV olgan suratlar.