Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Tibbiy niqoblardan noto‘g‘ri foydalanish kasallikni yuqtirishga sabab bo‘ladi

Samarqand viloyati “Matbuot uyi”da o‘tkazilgan matbuot anjumanida Samarqand davlat tibbiyot instituti rektori, professor Jasur Rizayev shu haqda ma’lumot berdi.

 - Bugungi vaziyatda xalqimizdan bir narsani, vahimaga tushmaslikni iltimos qilardik, - deydi J.Rizayev. - O‘ziga o‘zi muolaja qilayotganlar ham oramizda afsuski ko‘p. Shuningdek, aholi orasida shaxsiy himoya vositalaridan noto‘g‘ri foydalanish holatlariga ham duch kelyapmiz. Birgina tibbiy niqobni olaylik. Aksariyat odamlar ularni iyagiga taqib olyapti. Odamlar, avvalo, tibbiy niqoblarni o‘zi uchun, salomatligi uchun taqishi lozimligini anglab yetishi lozim. Niqobni taqishning ham qonun-qoidasi bor. Biz nima qilayapmiz. Niqobni yechib, buklab cho‘ntagimizga solyapmiz, ertasi kuni olib boshqa tomonini taqayotgan holatlar ham uchrayapti. Bunday holatlarda niqobning foydasidan ko‘ra zarari ko‘proq bo‘ladi. Niqoblarni iyagimizga tushirib, uni ifloslantiramiz. Aslida niqobni sekin qo‘limizga olib, silkitmasdan utilizatsiyaga tashlashimiz lozim. Agar uni silkitsak tashqi yuzasidagi virus atrofga sachraydi. Bu nafaqat bizga, balki yon-atrofimizdagilarga ham zararlidir.

E’tiborlisi, bugun Samarqand davlat tibbiyot institutida bevosita kasallikni davolash, pandemiyada davrida aholiga to‘g‘ri tibbiy maslahat berish maqsadida 2000 ga yaqin mutaxassislar, 229 ta tor soha mutaxassisilari qayta tayyorlandi. Zaxira kadrlarni tayyorlash uchun 72 soatlik o‘quv kurslari tashkil etilgan. Viloyat hamshiralarni qayta tayyorlash markazida SamDTI bilan hamkorlikda 900 nafar hamshiralar tayyorlanayapti.