Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

"Tinch inqilob". Nima u? Mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar mohiyatiga bir nazar

Biz odatda “inqilob“ deganda davlat toʻntarishi orqali boshqaruv tizimining oʻzgarishini tushunamiz. Xususan, 1917 yildagi avval burjua (fevral), keyin kommunistik (noyabr) inqilobi bizga yod boʻlib ketgan. Keyin dunyo jamoatchiligi tinch (Xitoy, Malayziya, Vetnam) va rangli (Kosovo, Ukraina) inqiloblar guvohi boʻldi. Bir paytlar kommunistik gʻoyalar kapitalistik bozor munosabatlariga nomutanosib deganlar Xitoydagi iqtisodiy inqilobga guvoh boʻlishdi. Aslida “inqilob“ soʻzining maʼnosi “tubdan oʻzgartirish“, “tubdan oʻzgarish“ maʼnosini beradi.

Men Ispaniyaning mashhur “Piario ardat“ nashridagi taniqli ziyoli Fernando Meseger maqolasidagi yaqinda eʼlon qilgan xulosani nazarda tutyapman. U “Prezident Sh.Mirziyoyev rahbarligida bugun Oʻzbekiston tub islohotlar yoʻlidan ketmoqda. “Tinch inqilob“ siyosatiga amal qilib, aniq bir maqsad yoʻlida olgʻa intilyapti“, deb yozgan.

Darhaqiqat, amerikalik shoir va faylasuf Ralf Emerson “Har qanday inqilob dastavval bir kishining miyasidagi fikr boʻlgan“, degan ekan. Inqilob xalq ehtiyojiga, orzu-umidlariga tayansagina kutilgan natijani beradi va mamlakat rivojiga xizmat qiladi.

Xoʻsh, Prezident Sh.Mirziyoyev bundan ikki yil avval boshlagan inqilobiy islohotlar mohiyati nimalardan iborat?

Birinchidan, bu ish Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi normalariga qatʼiy amal qilishga qaratilgan. Bu oʻrinda jamiyatdagi barcha siyosiy kuchlar vazifasini aniq belgilash va masʼuliyatini oshirish, ijtimoiy adolatni qaror toptirish, xususiy mulkchilikni, kichik biznesni rivojlantirish va shu orqali fuqarolar baxtli hayotini taʼminlash borasidagi saʼy-harakatlarni nazarda tutyapman.

Ikkinchidan, iqtisodiyotni rivojlantirishda dunyodagi ilgʻor, samarali tajriba va texnologiyalarni olib kelish, bu boradagi barcha byurokratik toʻsiqlarga barham berish, xorij sarmoyasiga keng yoʻl ochish va nihoyat, eksport orqali mamlakat qudratiga, aholi hayoti farovonligiga erishish.

Uchinchidan, har bir sohada oshkoralikni taʼminlash, aholini olib borilayotgan islohotlardan toʻla xabardor etish va shu orqali ular ijtimoiy faolligini oshirish. Fuqarolarning jamiyatdagi oʻrnini, davlatni boshqarishdagi rolini kuchaytirish. Dasturlarni xalq muhokamasidan oʻtkazish.

Toʻrtinchidan, islohotlarning koʻlamini kengaytirish. Bu borada keyingi ikki yilda deyarli barcha sohalar boʻyicha qabul qilingan Qonun, farmon va qarorlarni eslash kifoya, deb hisoblayman.

Binobarin, Harakatlar strategiyasi bandlari bilan tanish kishi bu islohotlar qamrovini tez anglab oladi.

Beshinchidan, soʻz va ish birligi orqali xalq ishonchini qozonish. Misol uchun, joylardagi uchrashuvlar chogʻida aholi tomonidan bildirilgan muammolar yechimiga erishish. Yoki Prezidentning 2017 yilda Oliy Majlisga Murojaatnomasida oʻrtaga tashlangan masalalar boʻyicha davlat rahbari oʻz zimmasiga olgan vazifalarni toʻla bajarishi.

Xoʻsh, Prezident keyingi ikki yil ichida mamlakatda nimalarni oʻzgartira oldi? Aniqrogʻi, xalqning oʻzi, Vatani, kelajagiga boʻlgan nuqtai nazarida qanday oʻzgarishlar sodir boʻldi?

Avvalo, joylardagi muloqotlar, loyihalar bilan tanishishlardan tashqari, har bir fuqaro virtual tarzda Prezidentga murojaat qilish imkoniyatiga ega boʻldi. Nafaqat rahbarlar va mutaxassislar, balki aholining barcha toifasi dasturlar, loyihalar yuzasidan taklif bildira boshladi. “Xalq davlatga emas, davlat organlari xalqimizga xizmat qilishi kerak“ shiori davlat siyosatining mezoniga aylandi. Bu esa bizni davlat va jamiyat hayotiga befarqlikdan qutqaryapti.

Shahar, tumanlarda boshqaruvning sektor tizimiga oʻtilishi tufayli har bir xonadonga kirib borilgani koʻplab muammolarga yechim topdi. Xalqning murojaatlari ijrosi muayyan vaqtda koʻrib chiqilyapti. Bu esa har bir fuqaroning davlat organlariga bemalol, istagan paytda murojaat qilishiga imkon bermoqda. Yaʼni, odamlarda davlat timsolida oʻz suyanchigʻi borligiga ishonch uygʻondi.

Prezident Sh.Mirziyoyev Oliy Majlisga Murojaatnomasida bu uslub ham hali yetarli emasligini aytdi. U kishi Xalq qabulxonalari oldiga endi murojaatchilarni kutib oʻtirmasdan bevosita mahallaga borib, jadval asosida xonadonlarga kirib, muammolarni oʻrganib, ularga yechim topish vazifasini qoʻydi.

Bolalar bogʻchasiga, boshlangʻich sinfga farzandimizni joylashtirish, kadastr hujjatini tayyorlashda arzimagan muhr uchun idoralarda sarson boʻlmaymiz. “Davlat xizmatlari markazi“da ishimiz bitadi. Bu esa davlat tizimi va qudratiga ishonchimizni oshirdi.

Davlat va hududiy dasturlarga kiritilgan rejalarning soʻrovi borligiga ishondik, endi rejalarni shu tartibda roʻyobga chiqarishga kirishdik, biznes-reja tuzishni oʻzlashtirdik.

Prokuratura, ichki ishlar, sud idoralariga shikoyatlar va talablarni ochiq-oydin aytyapmiz. Chunki ular xalq deputatlari kengashlari va mahallalarda hisobot berishyapti, joylarda jonli muloqotlar uyushtirishyapti.

Qoʻshni davlatlarga, umuman, xorijga bemalol borib kelyapmiz. Pasport almashtirishda navbat va iltimoslar yoʻqoldi. Dunyoni koʻrish, yaxshilardan ibrat olish, turmush tarzimizni taqqoslash imko­niyatiga ega boʻldik.

Dehqonchilikda paxta monopoliyasidan qutuldik hisob. Endi yerlarimizga yaxshi daromad beradigan, eksportbop ekinlar ekyapmiz. Chetdan bozor izlash va topish tajribasini oʻrgandik.

Oila bilan birga sayohat qilishga, dam olishga odatlandik. Ijtimoiy dorixonalarda turli giyohlardan tayyorlanadigan dorivorlarni isteʼmol qilish amalga kirdi.

Sudlarda oqlov amaliyoti qoʻllanila boshlagach, agar aybimiz boʻlmasa, uni isbotlay olsak, “buyurtma“ jazolar qoʻllanilmasligiga ishondik.

Majburiy ijro byurosi faoliyati davomida gaz, elektr energiyasi va ichimlik suvi hamda soliq toʻlovlarini oʻz vaqtida amalga oshirmasak, masʼuliyati ogʻir ekanini tushunib yetdik.

Aziz mushtariy, men ushbu maqolani aslida mulohaza yuritishingizga mavzu uchun yozdim. Siz oʻz oilangizda, jamoangizda roʻy berayotgan oʻzgarishlarni toʻla his etyapsizmi? Prezidentimizning Murojaatnomasi hayotiy qoʻllanma, unda ilgari surilgan gʻoyalarni amalga oshirsak, jamiyatda muammolar birin-ketin hal etilishini, masalaga yechim izlab eshikma-eshik yurmasligimizni sezyapsizmi? Agar islohotlar mohiyatini tushunsak, Prezident Sh.Mirziyoyev “tinch inqilobi“ning mazmunini yanada toʻlaroq anglab yetamiz.

Xatlaringizni kutamiz.

Farmon TOSHEV.