Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

“TITANIK”ni cho‘ktirgan “COVID” yoxud “Biz virusdan o‘lmaymiz...”

Tarixda eng mash’um, shu bilan birga eng mashhur voqealar ko‘p. Ularning mashhurligiga, to‘g‘rirog‘i, tarixda qolishiga mash’umligi sabab.

Inson ongi shundayki, yaxshi voqealardan ko‘ra yomonini ko‘proq saqlab qoladi. Biroq bu “saqlashlar” garchi insoniyatga ibrat bo‘lish lozim bo‘lsa-da xulosaga kelishda oqsash yuz berib kelgan. Bu oqsash qanday yuz beradi?

Avvalo bir  izohga to‘xtalsak...

Kibr

Kibr, takabbur, kibryo so‘zlari lug‘atda kattalik ma’nosini bildiradi va o‘zini boshqalardan katta, ustun va afzal hisoblash sifatiga ega shaxsga nisbatan ishlatiladi. Imom G‘azzoliy kibrni: «U o‘zini ulug‘ sanash va qadrini boshqaning qadridan ustun qo‘yish» deb ta’riflagan.

Mutakabbirlik iblisni kufrga boshladi. Iblis esa bu xastalikni o‘ziga yuqtirib olgan odamlarni zalolatga yetakladi.

Eslaymiz... Tarixda “Fil voqeasi” deb nom olgan kun bir kibrning sinishi haqida edi. San’on shahrida qurdirgan muhtasham kanisasiga mahliyo bo‘lgan Abrahaning qalbini kibr egallaydi. Oltmish ming kishilik qo‘shini butun yer yuzini yakson qilib yuborishiga ishonib, muborak Ka’bani buzib tashlashni, hammani u qurdirgan kanisaga talpinishini istaydi va qo‘shin bilan  yo‘lga chiqadi. Imom G‘azzoliy aytganidek: «Badbaxtlik manbasi kibr va g‘aflatdadir...”. Abrahaning nazaridagi qudratli qo‘shin, Ka’bani buzish uchun olib kelinayotgan ulkan fillar abobil qushlar yog‘dirgan mayda toshlar yomg‘irida qolib halok bo‘ladi.

Yana bir voqea.

1912 yil – g‘oyatda dabdabali, muhtasham kema “Titanik”ning okean bag‘riga g‘arq bo‘lgan yil. Bugungi kunda uning cho‘kishiga turli taxminlar bildirilyapti, sabablar ko‘rsatilyapti. “Agarda...” degan ibora bilan uni saqlab qolish mumkin bo‘lgan taxminlar ilgari surilyapti. Biroq vaqt o‘tib bo‘lgan. Yuzlab odamlarni o‘zi bilan suvga g‘arq qilgan “Titanik” endi tarix. O‘sha tarixda uning cho‘kishiga asosiy sabab aysbergga urilishi deb ko‘rsatiladi. Aslida-chi? Aslida sabab uni barpo qilgan muhandislarning kema yaralgach qalblarini egallagan kibrda emasmi? «Bu kemani Xudo ham cho‘ktira olmaydi», deyishlik Abrahaning zamonaviy bir ko‘rinishi emasmi?

Uzoq yillardan so‘ng olib borilgan tadqiqotlar natijasi shuni ko‘rsatdiki,   kema aysbergga shunday nuqtadan urilgan ekanki, o‘sha nuqtadan boshqa har qanday joyiga urilsa, yetkazilgan zarar ancha oz bo‘lishi mumkin ekan.

Navbatdagi voqea.

1941 yilda, to‘g‘rirog‘i 1939 yilda boshlangan natsistlar Germaniyasining yurishi 1945 yilga kelibgina barham topdi. O‘zini OLIY IRQ deb sanagan Gitler va  hamtovoqlarining o‘zlarini boshqalardan ustun ko‘rishi minglab begunoh kishilarning umriga zomin bo‘ldi. Bu dahshatli xunrezlikni tarix unutmaydi.

Endi bugunimizga qaytsak. 2019 yil poyonida COVID-2019 nomi bilan ko‘plab kishilar yostig‘ini qurita boshlagan virusni aniqlamaslaridan bir muddat oldin Xitoy rahbarining "Hech  qanday kuch Xitoyni to‘xtata olmaydi" degan hayqirig‘i yangragan edi. Bu kibr emasmi? Dastlabki e’tiborsizliklar, avval Xitoy, keyin boshqa davlatlarga qay darajada rahna solayotgani sir emas. Ayni vaqtda SOVID kirib bormagan joy, u larzaga solmagan mamlakat qolmadi hisob. Ishsizlik oshib, davlatlar iqtisodining zarar ko‘rishi davom etmoqda. Bu bo‘hron bugun O‘zbekistonni ham chetlab o‘tayotgani yo‘q. Oqibati nechog‘li og‘ir ekanini esa hali-hanuz ayrim vatandoshlarimiz anglashmayotgani achinarli.

"Qirq yil qirg‘in kelsa, ajali kelgan o‘ladi" qabilida ish tutishlar yoki "ota o‘g‘il"ning karantin qoidalariga amal qilmay, o‘z ishini suiiste’mol qiluvchilarning og‘zini moylab, karantindan muddatidan oldin o‘zini ozod qilishlar (rasman aytilmagan bo‘lsa-da oyni etak bilan yopib bo‘lmaydi) oqibatida jabr ko‘rayotganimiz sir emas. Bu kibr emasmi? Shifokorning mutaxassis sifatida kasallik oqibatini bilib turib e’tiborsiz bo‘lishi virus tashuvchiga aylanib qolishiga (yo‘qsa sud ishi ochilmagan bo‘lar edi) kibrdan dalolat emasmi?

Dunyoni tahlikaga solib qo‘ygan pandemiyaning oqibatlari hali nimalar bilan tugashini hech kim bilmaydi. Taxminlar esa dahshatli. Ijobiy o‘zgarishlarga bo‘lgan umid mutaxassislar ko‘rsatmalariga rioya etishlik bilangina ro‘yobga chiqishi mumkin. OAVning barcha tarmoqlarida bu haqda ogohlantirilyapti, biroq bu ogohlantirishlar go‘yoki o‘ziga tegishli emasdek tutayotgan kimsalar guruchdagi kurmak oshxo‘rning ishtahasini buzgani kabi ko‘ngilni xira qilmoqda. Koronavirusdan qutuldik, degan davlatlarda kasallik epidemik avjining yangi to‘lqini paydo bo‘layotgani haqidagi xabarlar bizni befarq qilmasligi, uning oqibatlarini butun tanamizdan o‘tkazishimiz, tahlil qilishimiz, unga qarshi tayyor turishimiz lozim. Ana shundagina virus zanjiri uzilib, osoyishtalikka yo‘l ochiladi. Aksincha, o‘zimizdagi kibrga suv quyib, uni parvarish etgan bo‘lamiz. Qo‘lda parvarish qilingan bo‘ri hech qachon egasiga esh bo‘lmaganidek, o‘zimizda mavjud bo‘lgan illat ham izzatda bo‘lsa, yaxshilikka olib kelmaydi.

Xulosa

 “COVID” ning “Titanik” yoki “Fil voqeasi” to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqasi yo‘qligi ma’lum, biroq aytish joizki tarixda qolgan har bitta fojianing asl ildizi bitta nuqtada kesishadi. Tafakkur qilaylik! Tafakkur isloh qilishga chorlaydi. O‘zini isloh qilgan kishi esa hech qachon tanazzulga yuz tutmagan.

Uyda qoling!

Asliddin MUSTAFOYeV.