Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Tolibboy Eshmanov - saylovchilarga eng yaqin deputat

Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi deputati, Samarqand shahar 16-davlat notarial idorasi katta notariusi Tolibboy Eshmanov Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi (O‘zLiDeP) siyosiy kengashi ijroiya qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan “Xalq deputatlari mahalliy kengashlaridagi eng faol deputat” tanlovining respublika bosqichida uchinchi darajali diplom bilan taqdirlandi.

T.Eshmanov Ishtixon tumanidagi  20-Xalqobod saylov okrugidan viloyat Kengashi deputatligiga saylangan. Kengashdagi Qonuniylik, huquq-tartibot va fuqarolar havfsizligini ta’minlash masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasi raisi o‘rinbosari. O‘zLiDeP deputatlik guruhining eng faol deputatlardan biri. Saylovchilar bilan doimiy muloqotda bo‘lib, doimiy komissiya va deputatlik guruhi majlislarida ularning taklif va tashabbuslarini bayon etadi. Ana shu takliflar asosida sessiyalarga masala kiritishda faol qatnashadi. Birgina 2018 yilda 12 marotaba saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazgan. Ushbu uchrashuvlarda tushgan murojaatlar asosida yil davomida mutasaddi idoralarga 45 ta deputatlik so‘rovi yuborgan. Natijada 35 ta masalaga ijobiy yechim topilgan.

– Keyingi paytda mamlakatimizda mahalliy kengashlar deputatlari so‘rovlariga ijro hokimiyati organlarining munosabati o‘zgardi, – deydi T.Eshmanov. –  Ya’ni, so‘rovlarimiz javobsiz qolmayapti. Endilikda bu boradagi ishlar yana ham takomillashishi shubhasiz. Chunki, 2018 yil 28 dekabr kuni Prezidentimizning Parlamentga Murojaatnomasida xalq deputatlari mahalliy kengashlar faoliyatini yanada jonlantirish bo‘yicha muhim tashabbuslar bildirildi. Hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasidagi islohotlarning borishi yuzasidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirishda mahalliy kengashlarning o‘rni va rolini oshirish lozimligi ta’kidlandi. Bu albatta, biz deputatlardan yana ham faollik, saylovchilar bilan yaqin bo‘lishni taqozo etadi.

Baxtigul QARSHIYEVA

O‘zLiDeP Samarqand viloyat Kengashi matbuot kotibi.