Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

"Tolibon" va afg‘on hukumati o‘rtasidagi muzokaralarni Samarqandda o‘tkazish taklif etildi

Bu boradagi O‘zbekiston taklifi 31 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi Viktor Mahmudov hamda tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasining Afg‘onistonga amaliy tashrifi chog‘ida bildirilgan.

Mamlakatimizda bugungi kunda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida faol tashqi siyosat olib borilmoqda. Bu, avvalo, Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish bo‘yicha mamlakatimiz sa’y-harakatlarida namoyon bo‘lmoqda.

O‘tgan yili Toshkentda Afg‘oniston bo‘yicha yuqori darajali konferensiya tashkil etilgan edi.

O‘zbekiston delegatsiyasining Afg‘oniston Islom Respublikasi Prezidenti Muhammad Ashraf G‘ani bilan Qobul shahridagi uchrashuvi chog‘ida Afg‘oniston hukumati bilan "Tolibon" o‘rtasidagi muzokaralarni Samarqandda o‘tkazish taklifi bildirilgani mamlakatimiz tashqi siyosatida qo‘shni Afg‘onistonda tinchlikka erishishdagi sa’y-harakatlar o‘zgarmas va qat’iy ekanidan dalolat.

Ma’lumot o‘rnida, Afg‘onistonning ijtimoiy-iqtisodiy tiklanishi bo‘yicha hamkorlikning amaliy jihatlari bugun, 1 aprel kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligida Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Piter Burian va Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Roland Kobia bilan uchrashuv chog‘ida ham muhokama qilingan.

O‘zA.