Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Toshkent viloyatida kuchli shamol va yomg‘ir yog‘ishi oqibatida suv toshqini va kichik talafotlar sodir bo‘ldi

29 aprel kuni soat taxminan 22:00 da Toshkent viloyati Bekobod tumani hududida kuchli yomg‘ir yog‘ishi natijasida tumanning Navbahor, 1-bo‘lim, Dehqonobod mahallalari hududidan oqib o‘tuvchi «Sardobsoy» (boshlanish qismi qo‘shni Tojikiston hududida) soyining suv oqimi keskin ko‘tarilib, o‘zanidan toshgan.

Toshkent viloyati hokimligi matbuot xizmatining xabar qilishicha, hodisa oqibatida jarohatlanganlar yo‘q.

Shuningdek, kuchli shamol va yomg‘ir yog‘ishi Bekobod shahrining ham ayrim hududlarida kichik talafotlarga olib keldi.

Xususan, kuchli shamol ta’sirida 15-daha, 8-uy tomining bir qismi, 19-umumiy o‘rta ta’lim maktabi tomining 10 dona shiferi singan. Shahar hududida jami 32 dona daraxt sinib, butun shahar bo‘ylab elektr ta’minotining uzilishiga sabab bo‘lgan.

Tonggi soat 03:00 ga qadar shaharning 70 foiz hududida elektr tam’inoti qayta tiklangan va hozirda qolgan hududlarda ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Uchta xususiy xonadon ushbu kuchli shamol va yomg‘irdan talafot ko‘rgan. Ulardan biri kam ta’minlangan oila bo‘lib, hozirgi vaqtda xonadon egasiga yordam berish choralari ko‘rilmoqda.

«Mazkur holat viloyat hokimi Rustam Xolmatov tomonidan nazoratga olinib, viloyat hokimining o‘rinbosarlari va favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘i tomonidan zarar ko‘rgan aholi xonadonlariga amaliy yordam ko‘rsatish hamda oqibatlarini bartaraf etish yuzasidan tezkor choralar ko‘rilmoqda», deyiladi xabarda.

Hududga favqulodda vaziyatlar boshqarmasi hamda tegishli korxona va tashkilotlarning kuch vositalari jalb qilingan.