Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Toyloq va Ishtixon tumanlaridagi barcha sudlar bir binoda faoliyat olib boradi

Bunday amaliyot qariyb 13 milliard so‘m mablag‘ evaziga Toyloq va Ishtixon tumanlarida yo‘lga qo‘yiladi.

Kundalik hayotda duch kelmasangiz-da, eshitganingiz aniq: huquqi buzilganda biror sud eshigini qoqqan fuqaro u yerdan «Bu masala bizga taalluqli emas, falon sudga boring», degan javobni eshitadi. O‘z navbatida falon sudda ham o‘sha gap aynan takrorlanadi. Endi Toyloq va Ishtixon tumanlarida bunday ovoragarchilikka o‘rin qolmaydi. Negaki, bu tumanlarda jinoyat ishlari bo‘yicha, ma’muriy hamda tumanlararo iqtisodiy, fuqarolik sudlari bitta binoda faoliyat olib boradigan bo‘ldi.

Viloyat hokimligi injiniring kompaniyasidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, Toyloq va Ishtixon tumanida sudlarning ma’muriy binosi uchun 6 638 million 468 ming va 6 139 million 813 ming so‘m mablag‘ ajratilgan. Ayni paytda 100 dan ziyod ishchi tomonidan olib borilayotgan qurilish-ta’mirlash ishlari avgust oyida yakunlanishi rejalashtirilgan.

Uch qavatli ma’muriy binoda sud xodimlari va xizmatchilar uchun barcha sharoitlar yaratiladi. Shuningdek, 5 ta sud zallari va 3 ta mahbuslarni vaqtinchalik saqlash izolyatori qurilmoqda.