Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

"Tug‘ilgan kunimga keling..." Iltimos, shuhratparast, mansabparast, saviyasi past rahbarlar o‘qimasin

Azizlarim, ko‘nglimdan kechayotgan bu xayollar o‘zimniki, ishonavering. Chunki onam shunday tuqqan, ehtimol qonimda otamdan yoki boshqa yaqin og‘aynilarimdan ham o‘tgan bo‘lishi mumkin. To‘g‘risini, aytsam tug‘ilgan kun jinnisiman. Aniqrog‘i, o‘zimning tug‘ilgan kunimning. Bu odatim kimgadir kulgilidir, biroq men uchun u – fazilat, xobbi.

Qayerda ishlamay, doimo tug‘ilgan kunimni ishxonada, jamoa bilan o‘tkazaman. Qo‘l ostingda ishlaydiganlar ziyofatni ham o‘zlari uyushtiradi, yoqimli maqtovlar aytishadi, tag‘in sovg‘alar ham berishadi.

Yaqinda ko‘rolmaydiganlardan biri "Na o‘z sohasidagi allomalar, na birorta taniqli ijodkor tug‘ilgan kunini bilmaydi-yu, o‘zining tug‘ilgan kunini nishonlashga balo bormi?!", deb piching qilibdi. Gapiravermaydimi, men uchun o‘zimning tug‘ilgan kunimni o‘tkazish zavqu shavq bag‘ishlaydi.

O‘tgan yil tug‘ilgan kunimda ishxonamga bir qitmir muxbir kelib qoldi. U desam, bu deydi, bu desam, u deydi. Qabulxonada odamlar to‘planib qolgan emish. Ha endi, tug‘ilgan kun tadbiri uch soat davom etgach, to‘planadi, kutadi-da. Tug‘ruqxona bo‘lsaykan, birov bola tashlab qo‘ysa!

Uni o‘rtaga qo‘ydim, buni o‘rtaga qo‘ydim, bir amallab, vaziyatni yumshatdim. O‘zi, aslida, men sizlarga aytsam, agar betni qalin qilib tursangiz, uncha-buncha rahbar siz bilan tortishib, pachakilashib o‘tirmasakan. Men shu yo‘lni tanlaganman. Xudoga shukur, yomon bo‘lmadim, sal gap qaytarganini bir amallab javobini beraman.

Yaqinda deng, yangi ishxonamda tug‘ilgan kunimni nishonladim. Bu yerda ham ushbu tadbirning ishtiyoqmandlari bor ekan, "Opa, xavotir olmang, chiroyli qilib o‘tkazamiz", deyishdi. Va o‘tkazishdi ham. Bu gal ishxona majlislar zalini rosa bezatishdi, sharlar, "Tug‘ilgan kun muborak!", degan yozuvlar. Xullas, Ibn Sinoning tug‘ilgan kuniday tayyorgarlik ko‘rishibdi.

Hatto bir xodimim nevaralarini olib kelib, men haqimda she’rlar o‘qitdi. Tadbir rosa to‘rt soat davom etdi, hamma xursand bo‘ldi. "Bu nima gap, ertalab soat to‘qqizdan ikkigacha ham yig‘ilish bo‘ladimi?", deganlarni ko‘pchilik bo‘lib aldadik, komissiya kelgan, dedik.

Boshqalar bilan nima ishim bor, men rosa xursand bo‘ldim. Aytganday, bu gapim ayrimlarga yoqmasligi tayin. Lekin men yolg‘iz emasman, tug‘ilgan kunini nishonlashni yaxshi ko‘radigan tanishlarim ancha. Misol uchun, bir kollej direktori – dugonam bor, har yili tug‘ilgan kunida o‘qituvchi tugul o‘quvchilaridan ham pul yig‘adi. Lekin menga o‘xshab davra qilmaydi. Pullarni yig‘ib, uyga ketvoradi. Ehtimol, o‘tiradigan boshqa odami bordir, kim biladi deysiz.

Darvoqe, ertasi kuni xonamga o‘rinbosarim kirib keldi. "Opa, bugun mening tug‘ilgan kunim, kecha siznikiga havasim keldi", dedi. Nima qipti, zal bezatilgan, darrov uning tug‘ilgan kunini ham nishonlab qo‘ya qoldik. Bu gal mijozlarni bahona qilib sal qisqa vaqtda o‘tkazdik.

Bilaman, hozir qitmirlar ko‘paygan. Uchinchi kuni ertalab "petiminutka" o‘tkazay, desam zal hamon o‘sha holicha turibdi. O‘sha majlisni suratga olishibdi. Olsa, olavermaydimi, menga bu holat ta’sir qilmaydi. Qolaversa, hech kim yuqoridan tug‘ilgan kunni ishxonada qilmanglar, deb ogohlantirmagan.

Tak chto, kelasi yil Siz ham keling, birga nishonlaymiz, sovg‘a esdan chiqmasin-a?

F.TOSHEV yozib oldi.