Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Tuman hokimi 90 nafar katta yoshdagi fuqarolar va 10 nafar yosh bolalarga nogironlik aravachalari topshirdi

Kattaqo‘rg‘on tumani hokimligi tashabbusi bilan bir qator ezgu ishlar amalga oshirilmoqda. Yaqinda tuman istirohat bog‘ida “Mehr-muruvvat ulashaylik!” shiori ostida tadbir tashkil etildi.

Shu kuni bayramona bezatilgan istirohat bog‘ida tuman hokimligi vakillari, korxona va tashkilotlar rahbarlari, jamoatchilik vakillari, keksayu yosh jam bo‘ldi. Tadbirga tumandagi nogironligi bo‘lgan fuqarolar va ularning yaqinlari, ijtimoiy himoyaga muhtoj, kam ta’milangan oilalar vakillari taklif qilinib, ular uchun bayram dasturxoni yozildi.

Xayriya tadbirida so‘zga chiqqan tuman hokimi A’zamxon Baxramov barchani kirib kelayotgan Navro‘z bayrami bilan tabrikladi. Xalqimiz intiq kutadigan bu shodiyona munosabati bilan ko‘plab xayrli ishlarga qo‘l urish, yurt obodligi va ko‘rkamligiga hissa qo‘shish, do‘stlik va hamjihatlik, mehr-oqibatni mustahkamlash har bir vatandoshimizning burchi ekanligini ta’kidladi. Prezidentimiz tomonidan xalqimizning ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini qo‘llab-quvvatlash, e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish bo‘yicha qilinayotgan ishlarni e’tirof etdi.

Tadbirda tuman hokimi tomonidan nogironligi bo‘lgan 90 nafar katta yoshdagi fuqaro hamda va 10 nafar yosh bolaga nogironlik aravachalari va bayram sovg‘alari topshirildi. Shuningdek, “Nuroniy” jamg‘armasi tuman bo‘limi va tuman tibbiyot birlashmasi tomonidan 54 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj va yakka yolg‘iz kishilarga oziq-ovqat mahsulotlari, kiyim-kechaklar, bepul dori-darmon va moddiy yordam sifatida pul mablag‘lari berildi.

- 12 yoshli farzandim uchun ancha vaqtdan buyon nogironlik aravachasiga muhtoj bo‘lib, moddiy ahvolimizning og‘irligi bois ololmasdan kelayotgandik, - deydi Bo‘ston mahallasida yashovchi Iroda Narzullayeva. - Bunga tuman hokimligi alohida e’tibor qaratib, farzandimga nogironlik aravachasi sovg‘a qilishdi. Navro‘z biz uchun qo‘shaloq bayram bo‘ladigan bo‘ldi. Xalq dardini tinglab, barcha rahbarlarni xalqqa yaqin qilgan Prezidentimizdan, tumanimiz rahbarlaridan cheksiz minnatdorman.

Topshirilgan sovg‘alar o‘ksik, e’tibor va g‘amxo‘rlikka muhtoj qalblarga quvonch ulashdi. Tuman madaniyat bo‘limi tomonidan tashkil etilgan klnsert dasturi barchaga xursandchilik bag‘ishladi.

                                                                                          Sh.Qarshiyev.